Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘qituvchilar zamon talablari darajasida dars o‘tishga harakat qilmoqda

O‘tgan hafta Zarnews.uz sayti orqali keyingi yillarda xalq ta’limi tizimida maktab salohiyatini kuchaytirish choralari ko‘rilyapti. Bu narsa o‘qituvchi obro‘si va mahoratini oshishiga ta’sir qilyaptimi? , degan savol asosida so‘rov o‘tkazgan edik.

So‘rovda qatnashganlarning 29 foiz ha, bu sezilmoqda, degan javobni belgilagan. 41 foiz kuzatuvchi yo‘q, o‘qituvchilar eskicha ishlashga o‘rganib qolgan, degan xulosaga kelgan, 20 foizi ota-onalarning o‘qituvchiga munosabati o‘zgarmayapti, deb hisoblaydi. Shuningdek, 10 foiz qatnashchi o‘qituvchi mahorati oshishidan manfaatdor emasligini bildirgan.

Mazkur so‘rov natijalari yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolovning fikrlari bilan qiziqdik:

–  Faylasuf Gyotening “O‘rtacha o‘qituvchi bayon qiladi, yaxshi o‘qituvchi tushuntiradi, mashhur o‘qituvchi namoyish qiladi, buyuk o‘qituvchi ruhlantiradi”, degan so‘zlarini bugun har bir o‘qituvchi kundalik shioriga aylantirishi kerak, – deydi G‘.Boboxolov. – Va, albatta, shu shior asosida harakat qilsa, ko‘zlangan maqsadga erishadi. Bugun o‘qituvchilarning jamiyatda obro‘yini oshirish maqsadida ularning oylik ish haqi ko‘tarildi, ulardan ortiqcha hujjat talab qilinmaydigan bo‘ldi, eng asosiysi, o‘qituvchilar majburiy mehnatdan ozod etildi.

Shunday ekan, bunday imkoniyat va ishonchga binoan o‘qituvchilardan ham katta mehnat talab qilinadi. Masalan, o‘qituvchi yuksak darajada  bilimli bo‘libgina qolmay, kishilar bilan yaxshi muomala qila oladigan, vazmin, o‘zining xulqi bilan ibratli  inson bo‘lishi lozim. To‘g‘ri, ko‘plab pedagog-xodimlar talab darajasida mahoratga ega bo‘lmasligi mumkin, biroq ularning aksariyati yangilikka, zamon talablari darajasida o‘quvchilarga saboq berishga harakat qilmoqda.