Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘qituvchilarning o‘z ustida ishlamay qo‘ygani maktablar reytingini pasaytirmoqda

Davlat ta’lim standartlari mukammal ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, viloyat maktablarining reyting ko‘rsatkichi respublika miqyosida juda pastligi o‘qituvchilar malakasini yanada oshirishni talab etmoqda.

Samarqand shahrida “Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish: strategiyalar, innovatsiyalar va ilg‘or tajribalar” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya shu maqsadda o‘tkazildi.

- Kelajakka poydevor bilim dargohlarida qo‘yiladi. Bolaning maktabda a’lo baholarga o‘qishi uchun avvalo, pedagog o‘quvchining qalbidan joy olishi kerak, - dedi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Xolboy Ibragimov. - O‘qituvchi bolalarni yaxshi ko‘rsa, o‘quvchilar unga quloq soladi, darsni diqqat bilan tinglaydi. Bundan tashqari, oilada ham bolaga tarbiya berilishi lozim. Yaxshi tarbiya olgan bola ta’limni o‘zlashtira oladi.

2030 yilgacha ta’lim sohasida jahonning 30 ta ilg‘or mamlakatlari qatoriga kirishni rejalashtirganmiz. Buning uchun maktablarni xalqaro talablar darajasiga yetkazish shart.

Tadbirda viloyatdagi maktablar reytingi pastligi, o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlamay qo‘ygani tanqid qilindi. Muammoni bartaraf etish uchun ilg‘or, tajribali o‘qituvchilarni biriktirish, jamoalar o‘rtasida raqobatni kuchaytirish, ochiq darslarni ko‘paytirish kabi takliflar o‘rtaga tashlandi.

Konferensiyaning ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov ishtirok etdi.

Xurshida ERNAZAROVA.