Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Otabek Umarov Aralash jang san’ati assotsiatsiyasi prezidenti etib saylandi

O‘zbekistonda yangi Aralash jang san’ati assotsiatsiyasi tashkil qilindi.

Mazkur assotsiatsiya prezidentligiga nomzodlar orasida eng ko‘p ovoz to‘plagan Otabek Umarov saylandi. Bu haqda assotsiatsiyaning Instagram’dagi sahifasida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, assotsiatsiyaning saylangan rahbari GFC XX musobaqasida ishtirok etadigan sportchilar bilan uchrashib, mashg‘ulotlar jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Otabek Umarov rahbarlik qilish ma’suliyati unga ishonib topshirilgani uchun o‘z minnatdorligini bildirgan:

"Shu kunlarda tashkil etilgan O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasiga rahbarlik qilish ma’suliyati menga ishonib topshirilgani uchun minnatdorligimni izhor etaman.

Bu tashkilot shu vaqtgacha faqat o‘zlari shug‘ullanib kelgan, zarur shart-sharoitga ega bo‘lmagan sportchilarga yordam berish uchun zarur edi.

Endi sportchilarimiz o‘zlarini ko‘rsatish uchun katta imkoniyatga ega bo‘ladilar. Ularning tezda muvaffaqiyatga erishib, g‘alabalar qozonishiga shubham yo‘q. Axir bizning zaminimiz polvonlarning bir necha avlodini tarbiyalagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatimiz barcha sohalarda, xususan, sportda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishi uchun aniq vazifalar belgilab berdi. Ayni chog‘da uning rivojlanishiga alohida e’tibor qaratmoqda. Chunki sport shaxs kamolotiga, ruhiy va jismoniy toblanishiga xizmat qiladi va irodasini mustahkamlaydi. Ana shunday beqiyos ko‘mak bizni respublikada MMAni rivojlantirishga qaratilgan loyihaga qo‘l urishga undadi.

Yoshlarni men bilan birgalikda qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan sportimiz faxriylariga esa alohida minnatdorchilik bildiraman. Ular o‘z yo‘nalishida hammamizga o‘rnakdir. Komiljon Xudoyberganov, Hamroqul Rafiyev, Erkin G‘iyosov, Aleksandr Istomin va A’zamjon Shokirjonov jahon arenasida yuqori muvaffaqiyatlarga erishib, sportimiz tarixida yorqin iz qoldirishgan. Bu qadrli insonlar Assotsiatsiya tashkil etilishini chin dildan qo‘llab-quvvatlab, sportchilarga musobaqalarda omad va muvaffiqiyat yor bo‘lishini tiladilar. Ularning barcha ezgu tilaklariga sherikman".

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti xavfsizlik xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Otabek Umarov O‘zbekiston triatlon federatsiyasida ham rahbar sifatida faoliyat olib boradi