Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Otamni tirik ko‘rganday bo‘ldim

“Zarafshon” gazetasi tahririyatidan qo‘l telefonimga qo‘ng‘iroq qilib, “Xotira tadbiri o‘tkazyapmiz, tahririyatning yarim xodimlari dadangizning shogirdlari, keling”, deyishganda, ochig‘i, odatdagidek oddiy tadbir bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim.

“Nikoh uyi”da ishlayman, o‘z-o‘zidan vaqtim juda kam bo‘ladi. Borsammi yo bormasammi, degan ikkilanish o‘tdi xayolimdan. Ammo qo‘ng‘iroq qilgan muxbirning “...dadangizning shogirdlari” degan gapi qulog‘imda jaranglab turgani bois ishimni tez yakunladim-da tahririyatga shoshildim. Ammo ishga birrov borganim o‘z ta’sirini ko‘rsatdi: biroz kechikib tadbirga keldim.

 Gazeta bosh muharriri Farmon Toshev “Zarafshon” chop etila boshlaganidan buyon o‘tgan 109 yil davomida ushbu nashrga muharrirlik qilgan insonlarni birma-bir sanab o‘tdi, ularning fidoyiligi, jasorati haqida to‘lqinlanib gapirdi. Ular orasida otam – Xolmuhammad Nurullayev ham borligidan quvonib ketdim. Otam 1997-1998 yillarda “Zarafshon”da bosh muharrir bo‘lib ishlaganlar. Afsuski, 2006 yilda bevaqt vafot etganlar.

Ko‘z oldimga yoshligimda otam bilan kechgan xotiralar, aytgan gaplari keldi. O‘shanda, adashmasam, 2005 yilda, otam Urgut tumani hokimi edi: “Zarafshon”da kechgan yillarim qadri vaqt o‘tgan sari men uchun oshib boryapti, - degandi. - Zero, oppoq qog‘ozu boshi chaynalgan qalam bilan bu hayotdan ko‘p narsa topdim. Toza do‘stlar, chala mehr og‘aynilar, Samarqand pastu balandlarini anglash... mayli bular ham kerak. Lekin eng muhimi, bu tabarruk dargoh menga dunyoga uyg‘oq va hushyor, gul deb tikanning ustiga oyoq bosmaslik nazari bilan qarashdan saboq berdi. Hayotimda “Saboq - xulosa - hosila” zanjirini yaratdi. Men bugun “Zarafshon” dargohidan bir qadam berida kechgan 11 yillik umr - ish - hayot yo‘limdan nolimayman, aslo, beadad shukr. Zero, bu katta yo‘l ostonasi ham “Zarafshon”da qo‘yilganidan minnatdorman. 15 oy bu tabarruk gazetasi bosh muharrirligi nasib etgani nur ustiga o‘zimga yarasha taxallusim monand Nur bo‘ldi, deb o‘ylayman”. 

Tadbirning yakuniy qismida men uchun yana bir hayajonli holat bo‘ldi. Esdalik sifatida tadbir ishtirokchilariga surat tushirilgan tovoq va tahririyat hisobidan chop etilgan kitoblar taqdim etib boshlashdi. Menga taqdim etilgan tovoqqa nazar tashlar ekanman, unda otamning o‘shanda menga aytgan gapidagi holati muhrlangan surati aks etganini ko‘rib, yuragim hapqirib ketdi.

Tadbir tashkilotchilariga qanday minnatdorlik bildirishimni, nima deb quvonchimni izhor etishni bilmadim. Hokim yoki amaldor (otam viloyat hokimligida ham yuqori lavozimlarda ishlagan)ning emas, men jurnalistning qizi ekanimdan baxtiyorman, deb atrofga jar solguday hayajon bilan tabarruk dargohdan chiqdim.

Ortga qarasam, ish-ish, deb otam ishlagan tahririyatga anchadan buyon kelmabman. “Otangning ruhini shod qilay, desang, ularning do‘stlarini ziyorat qil”, deyiladi muqaddas kitoblarda. Otamning pok xotirasini yod etgan, hali-hanuz ustoz, deya alqayotgan tahririyat xodimlarini men ham qadrlayman, endi otamning izlari qolgan qutlug‘ dargohga tez-tez kelaman. Tahririyat tashkil qilgan matbuot muzeyiga otamning jurnalistlik faoliyati bilan bog‘liq ashyolarni ham olib kelishni dilimga tugib qo‘ydim.

Shohista Nurullayeva.