Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ozarbayjon va Gruziyada davlat xizmatlari ko‘rsatish biznikidan nimalari bilan farq qiladi?

Ayni kunlarda respublika Davlat xizmatlari agentligi direktori boshchiligidagi delegatsiya Ozarbayjon va Gruziya Respublikalarida bo‘lib, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida tajriba almashmoqda.

Dastlab delegatsiya a’zolari Ozarbayjondagi Davlat xizmatlari va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligi, “Elektron hukumatni rivojlantirish” markazi, “Innolend” inkubatsiya markazi, “ASAN” markazi, Call-markaz, mobil “ASAN xizmatlari” faoliyati bilan tanishdi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar ikki davlat agentliklari o‘rtasida “Harakatlar rejasi”ni muhokama qildi. Shuningdek, Boku shahridagi ASAN-XIDMET markazlari ish faoliyati bilan tanishib, raqamlashtirish, fuqarolarning nasl-nasab shajarasini yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi. 

- Ma’lum bo‘lishicha, faoliyat boshlaganiga 10 yildan ortiq vaqt bo‘lgan “ASAN-XIDMET”, “ASAN-Bus”, “ASAN-Train” va “ASAN-Kommunal” markazlari orqali ayni paytgacha 41 milliondan ortiq xizmat ko‘rsatilgan, - deydi delegatsiya a’zosi DXA Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i M.Qurbonov. - Fuqarolarga xizmat ko‘rsatayotgan har bir markazda odamlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Call-markaz, ASAN-Radio, o‘quv markazi, sitiuatsion markazlar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, “ASAN-XIDMET” markazlarida xizmat ko‘rsatuvchi davlat organlarining bo‘limlari, jumladan, Adliya vazirligining FHDYo bo‘limlari ham fuqarolarga xizmat ko‘rsatadi. Bu kabi tajribalarni o‘zimizda qo‘llash yaxshi samara beradi. Biz tashrif chog‘ida fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatishning ozarbayjon tajribasini mahalliylashtirish masalasini ham ko‘rib chiqyapmiz. 

Delegatsiya a’zolari qadimiy Shemaxa shahridagi zamonaviy “ASAN-XIDMET” markazi bilan tanishdi, “ABAD” markazi faoliyatini o‘rgandi.

Gruziyaga qilingan safar Tbilisi shahridagi "Adliya uyi"ning “Public Service Hall” faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Mazkur tizim 2011 yilda tashkil qilingan bo‘lib, hozirda respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 25 ta "Adliya uylari" orqali 400 tadan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Respublikaning uzoq va tog‘li hududlarida esa 86 ta markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, delegatsiya a’zolari ularning ayrimlaridagi xizmat ko‘rsatish ishi bilan tanishdi.

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.