Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbek nonushtasi xalqaro pazandalik chempionatida g‘olib bo‘ldi

Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Lazzatli O‘zbekiston-2019”  xalqaro pazandalik chempionatining dastlabki tur natijalariga ko‘ra, go‘sht, baliq mahsulotlaridan taom tayyorlash, karving va etno-nonushta yo‘nalishi bo‘yicha ilk musobaqalar g‘oliblari aniqlandi.

Milliy etno-nonushta sharti bo‘yicha Jazoir, Mo‘g‘uliston, Ruminiya, Qozog‘iston, Hindiston, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istondan kelgan mohir oshpazlar bellashdi.

Mazkur shartda tayyorlangan 7 turdagi nonushta ta’mlar uyg‘unligidan tashqari, taomlar xilma-xilligi, taqdim etishdagi kreativlik, tozalik kabi mezonlar asosida xorijiy hakamlar tomonidan baholandi.

Har bir nonushtada turli taomlar, issiq choy, shirinliklar, quruq mevalar taqdim etildi.

O‘zbek nonushtasida ho‘l va quruq  mevalar, issiq qat-qat somsa, varaqi, qush tili, murabbolar, issiq non, qaymoq, novvot, go‘shtli o‘ramalar milliy sopol idishlarda, atlas hoshiyali dasturxon ustiga qaynoq ko‘k choy bilan tortildi.

Shuningdek o‘zbek milliy nonushtasida sutli, go‘shtli mahsulotlar, hatto vegetarianlarga tanovul qilish uchun yeguliklar talay ekanligi hamda taomlarning issiq tortilganligi xorijlik hakamlar tarafidan alohida e’tirof etildi.

Musobaqa natijasiga ko‘ra, rumin va hind nonushtasi uchinchi, qozoq va aljir nonushtasi ikkinchi, o‘zbek nonushtasi birinchi o‘rinni egalladi.