Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston Yevropaga 6200 turdagi mahsulotni bojsiz eksport qiladi

O‘zbekiston 10 apreldan boshlab GSP+ ishtirokchisi sifatida 6200 turdagi mahsulotni bojxona bojisiz Yevropa Ittifoqi hududiga eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bu o‘zgarishni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Aktam Haitov Oqdaryo tumanidagi “AFROSIYOB JEANS TEKSTIL” MChJda xalq deputatlari O‘zLiDeP Kengashi deputatlari bilan muhokama qildi.

Hozirda GSP+ sxemasidan 9 davlat foydalanmoqda. MDH davlatlaridan yana Armaniston va Qirg‘iziston ham benefitsiar hisoblanadi.

GSP+ sxemasi qator majburiyatlarni ham yuklaydi. Masalan, mamlakat inson huquqlari, ekologiya, mehnat huquqlari, samarali boshqaruvga oid 27 ta xalqaro konvensiyalarni samarali bajarish majburiyatini oladi.

 Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston tomoni ikkita qonun - Jinoyat hamda Mehnat kodekslarini qayta ko‘rib chiqishi jarayoniga e’tibor qaratayotganini rasman ma’lum qilgan.

Suhbat davomida aholi tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish maqsadida yer ajratish, kreditlar berish, infratuzilmalarga ulanish bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni yechish bo‘yicha doimiy tizim yaratish mavzusi ham tushuntirildi.

Tadbir davomida yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosaridan to‘liq javob oldi.

O‘zLiDeP viloyat Kengashi axborot xizmati.