Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston fuqarolarining xorijda ishga joylashish huquqi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi

Viloyat hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha O‘quv kursida xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar va ularning oila a’zolarini himoya qilish, huquqlari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatida O‘quv kursi xodimlari, tinglovchilar va mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, mehnat migrantlarini huquqiy, moliyaviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash vositalarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda yurtimiz fuqarolarining mamlakat hududidan tashqarida ishga joylashishi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi xususiy agentliklar tomonidan amalga oshirilmoqda.

- Fuqarolarning xorijda mehnat faoliyatini yuritishi bo‘yicha o‘z huquqlarini amalga oshirishga yordam ko‘rsatish maqsadida shu yilning avgust oyida qabul qilingan ikkita muhim hujjatga e’tibor qaratish zarur, - deydi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Samarqand filiali direktori o‘rinbosari N.Bahromov. - Prezidentimizning 2019 yil 20 avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mohiyatiga ko‘ra, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarimizni ijtimoiy va huquqiy himoyalash choralari bilan qamrab olish ko‘lami kengaydi. Fuqarolarimizni xorijda va Vatanimizda uyushgan tarzda ishga yollash, tayyorlash, moslashtirish tadbirlarini amalga oshirish va ishga joylashtirish jarayonlarini samarali boshqarish va nazorat qilish yo‘llari belgilandi.

Qabul qilingan hujjatlar mohiyatan fuqarolarimizning mamlakat hududidan tashqarida ishga joylashishi, shuningdek, Vatanga qaytganlaridan so‘ng jamiyatga qo‘shilishini ta’minlash, mehnat migrantlarining oilalariga ijtimoiy-maishiy muammolarni hal qilish, yashash sharoitlarini yaxshilash, mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash orqali ularning daromadlari va turmush darajasini oshirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha respublikamiz o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishda rag‘bat bo‘lmoqda.

Ilk bor xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirishni mo‘ljallayotgan mehnat migrantlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari amalga oshirilmoqda. Ularga kreditlar, mikroqarzlar hamda fuqarolarning hayoti va salomatligini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotini qoplash uchun subsidiyalar berilmoqda.

Davlat boshqaruvi organlari, joylardagi ijro hokimiyati organlari hamda uyushgan migratsiya, migrantlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoyalash, ularga moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, turdosh masalalarni hal qilish bo‘yicha boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil qilindi.

Ayni paytda tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi ijtimoiy munosabatlarning barcha jihatlarini kompleks tarzda tartibga soluvchi qonunchilik hujjati, shuningdek, respublika xalqaro shartnomalarida xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyati sohasidagi me’yorlar mavjud emas. Bugungi kunda fuqarolarimizning xorijda ishga joylashish huquqi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi.

Prezident va hukumat tomonidan qabul qilingan hujjatlardan kelib chiqadigan vazifalar ushbu sohadagi milliy qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish, ushbu me’yorlarning tashqi mehnat migratsiyasini belgilovchi yagona qonunda tizimlashtirishga yordam beradi.

Davra suhbatida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.

Yoqub GADOYeV.