Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda musulmon sayyohlar uchun eng jozibador mamlakatga aylandi

Markaziy Osiyo davlatlarida musulmon sayyohlar eng ko‘p boradigan davlat nomi bu gal o‘zgardi. O‘zbekiston bu reytingda Qozog‘istonni ortga surib, yetakchi o‘ringa chiqib oldi.

O‘zbekiston musulmon sayyohlar uchun jozibador bo‘lgan davlatlar reytingidan munosib o‘rin egalladi. CrescentRating kompaniyasi o‘z rasmiy saytida Global Muslim Travel Index tadqiqotlari natijalarini e’lon qildi.

Markaziy Osiyo davlatlarida musulmon sayyohlar eng ko‘p boradigan davlat nomi bu gal o‘zgardi. O‘zbekiston bu reytingda (22-o‘rinni) egallab, Qozog‘istonni (24-o‘rin) ortga surdi va Markaziy Osiyoda yetakchi o‘ringa chiqib oldi.

25-o‘rin Ozarbayjon, 29-o‘rin Qirg‘iziston va eng oxirida, 35-o‘rin Tojikistonga nasib etgan.

Tadqiqot davomida butun dunyo bo‘ylab, shu jumladan, Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlari va boshqa davlatlarda 130 yo‘nalish tahlil qilingan.

Top - 30 reytingida mamlakatlar to‘rtta global omillar bo‘yicha baholanadi: ochiqlik, kommunikatsiyalar, atrof-muhit va xizmatlar. Ushbu indeks turistik soha o‘yinchilari bo‘lgan davlatlar va investorlarga musulmon-sayyohlar tanlovlari borasida yordam berishga qaratilgan.

Joriy yilda IHT davlatlari orasida reyting tarixida birinchi marotaba Indoneziya mutlaq yetakchi etib, tan olingan. Singapur esa IHT davlatlari ro‘yxatiga kirmaydigan mamlakatlar ro‘yxatida birinchi qayd etilgan.

Ikkala mamlakatga ham reytingda 78 balldan berilgan.

Birinchi o‘ntalikka Turkiya, Saudiya Arabistoni va BAA, Qatar, Marokash, Baxrayn, Oman va Bruney kiritilgan.

Tadqiqotga ko‘ra, 2018 yilda butun dunyo bo‘ylab 140 millionga yaqin musulmonlar, (ya’ni har o‘ninchi sayyoh) sayohatga chiqqanlar. 2026 yilga kelib halol-sayyohlar soni 230 millionga yetishi, mablag‘ ekvivalentida esa bu bozor qiymati 300 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.