Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi: Fitna chaqiriqlarga aldanmang!

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya va Ukraina kabi urush kechayotgan yerlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga turli va’dalar bilan urushga targ‘ib qilish holatlari kuzatilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi yurtdoshlarimizni ishtirok etishga bo‘layotgan chaqiriqlar yuzasidan fatvo berdi. Fatvoda jumladan shunday deyiladi:

«Aslida musulmon kishini o‘z vatanini himoya qilishdan boshqa har qanday harbiy harakatlarda ishtirok etishi shar’an joiz bo‘lmaydi.

Ushbu urushga “jihod” nomini berish jaholatdan boshqa narsa emas. Chunki Islom shariatida jihod uchun belgilab qo‘yilgan o‘ziga xos shart va talablar mavjud. Agar shartlar topilmasa, u hech qanday jihod hisoblanmaydi. Balki u Islomda harom qilingan urush bo‘ladi. Bunda ishtirok etganlar Allohning shariatiga qarshi chiqqan shayton askarlari qatorida bo‘ladi. Unda o‘ldirganlar qotil, o‘lganlar esa gunoh uzra jon bergan bog‘iylar bo‘ladi.

Biz bugungi kunda kurashlar, ziddiyatlar, dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan o‘yinlar avj olgan bir vaziyatda yashamoqdamiz. Shuning uchun bugungi kunning musulmon kishisi harqachongidan ko‘ra ogoh va hushyor bo‘lishi darkor. Xususan, turli fitnalarga aralashmasligi lozim.

Bu kabi fitnalarga aralashish shar’an harom hisoblanadi. Qolaversa, amaldagi qonunchiligimizda ham xorijiy mamlakatlarning harbiy tuzilmalari, noqonuniy diniy tashkilotlar va terrorchi guruhlar tarkibiga a’zo bo‘lish taqiqlangan.

Xulosa qilib aytganda, Islom dini ikki jamoa o‘rtasida urush boshlansa, ulardan biriga qo‘shilib, uni alangalatishga emas, balki tinchlikka erishishga chaqiradi. Shundan kelib chiqib, biz vatandoshlarimizni turli aldamchi targ‘ibotlarga uchmaslikka, fitnalardan yiroq bo‘lishga da’vat etamiz».