Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston xalq artisti Oybarchin Bakirova vafot etdi

Bugun, 19 mart kuni O‘zbekiston xalq artisti Oybarchin Bakirova 70 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda "O‘zbekkino” milliy agentligi xabar berdi.

Oybarchin Bakirova 1950 yil 27 iyun sanasida Andijonda marhum aktyor, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Abbos Bakirov oilasida dunyoga kelgan.

U oilasida ikki qiz va ikki o‘g‘ilning biri hisoblanadi.

Oybarchin Bakirova san’atkorlar oilasida katta bo‘lgani uchun ham yoshligidan aktrisa bo‘lishni niyat qilgan. U o‘rta maktabni tamomlagach, Toshkent teatr va rassomchilik san’ati oliygohida tahsil olgan.

Aktrisa o‘z faoliyatini 1971 yilda "O‘zbekfilm" kinostudiyasida boshlagan. U bizga tanish bo‘lgan "Tangalik bolalar", "Armon", "O‘yin" va "Farzandim" kabi o‘nlab filmlarda turli obrazlarni yaratgan.

Oybarchin Bakirova tomoshabinlarga nafaqat kinoaktrisa, balki dublyaj sohasidagi faoliyati orqali ham juda yaxshi tanish. Aktrisa bugungacha 100 dan oshiq kino va multfilm qahramonlariga ovoz bergan.

Oybarchin Bakirova fidokorona mehnati evaziga 2000 yilda "O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti" unvoni bilan taqdirlangan.

Marhumaning oila a’zolariga hamdardlik bildiramiz.