Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston yashash uchun eng arzon mamlakatlardan biri deb topildi

O‘zbekiston dunyoda yashash uchun eng arzon mamlakatlardan biri deb topildi. Bu haqida Numbeo portali xabar berdi deb yozmoqda Sputnik.

Aslida ushbu reyting “Yashash narxi reytingi” deb ataladi. Uni aniqlash uchun dunyodagi 136 ta mamlakatda inson yashashi uchun kerak bo‘ladigan asosiy xarajat turlarini aniqlab, ularning o‘rtacha qiymatini hisoblab chiqqan.

Reytingni hisoblashda, ya’ni oziq-ovqat narxi, turar joy ijara to‘lovlari, ipoteka to‘lovlari, transport va sug‘urta to‘lovlari, restoranlar narxi hamda mahalliy aholining o‘rtacha maoshi,  sotib olish imkoniyatlari miqdori hisoblab chiqilgan.

Reyting jadvalida ko‘rsatilgan raqamlar bu – ballardir. Ballar Nyu York shahri yashash indeksiga nisbatan aniqlangan. Ya’ni Nyu York shahrida yashash indeksi – 100 ball, pul qiymatida - 4600 $ deb belgilangan.

Boshqa davlatlarda ushbu indeks u yerda yashash Nyu Yorkdan qimmat yoki arzonligini bildiradi. Masalan, Shveysariya – 122 ball olgan. Demak ushbu mamlakatda bir kishi yoki oila uchun bir oylik yashash xarajatlari Nyu Yorkdan  22% qimmat, ya’ni - 5612 $ ni tashkil qiladi.

O‘zbekiston esa reytingda 25 ball olgan. Demak O‘zbekistonda yashash Nyu Yorkka nisbatan 4 baravar arzon, ya’ni 1150 $.

Numbeoga ko‘ra O‘zbekiston dunyodagi yashash uchun eng arzon bo‘lgan mamlakatlar orasida - 6 o‘rinni egallagan. Oldinda faqat Pokiston, Afg‘oniston, Suriya va Hindiston kabi mamlakatlarni ko‘rish mumkin.

Qo‘shni Qirg‘izistonda yashash O‘zbekistondan ko‘ra qimmatroq – 28 ball, Qozog‘istonda – 30,  Ukraina – 30 ball.

O‘rtacha indeksli mamlakatlar – Turkiya (35 ball), Indoneziya (36), Rossiya (38), Polsha (39), Xitoy (40), Eron (41), Litva (45), Chexiya (45). Eng qimmat mamlakatlar esa – Norvegiya (104), Yaponiya (85), Gollandiya (83), Singapur (80), Isroil (79)va Janubiy Koreya (75).