Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonda 31 mingta ko‘p qavatli uyning fasadiga bazalt qoplanadi

Bu haqda Abdulla Aripov raisligida 23 yanvar kuni anomal sovuq havo sharoitida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

Unda bugungi kunda respublika bo‘yicha jami 40 mingta ko‘p qavatli uy-joy mavjud bo‘lsa, shundan 31 mingga yaqini 1991 yilgacha qurilgani ma’lum qilindi.

Shu bois, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu 31 mingta uyning fasad qismini renovatsiya asosida bosqichma-bosqich bazalt qoplamaga o‘tkazish hamda muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda issiq suv va elektr bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi topshirildi.

Shu bilan birga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi endilikda yangidan quriladigan ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha ob’yektlarining loyiha-smeta hujjatlariga energiya samaradorlik darajasi yuqori bo‘lgan qurilish materiallari va jihozlardan foydalanishni majburiy tartibda kiritishi topshirildi.

Bu borada energiyatejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga ham e’tibor qaratish kerakligi qayd etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublikamizda jami 13,2 ming tonna bazalt xom ashyosi ishlab chiqarilmoqda. Bu esa yillik ehtiyoj (5 million m/kv yoki 36 ming tonna) 30 foizini ham tashkil etmaydi.

Shu bois, O‘zsanoatqurilishbank “O‘zsanoqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda joylarda bazalt xomashyosi ishlab chiqarish loyihalarini ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur tayyorlab, yil yakuniga qadar kamida 5 ming tonnalik quvvat yaratishi kerakligi ta’kidlandi.

“O‘zeltexsanot” uyushmasi ham ikki oy muddatda transformatorlar, kabellar, quyosh panellari va suv isitish kollektorlarini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha alohida dastur tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi.