O‘zbekistonda astronom olimlar yuqori maosh olayotgani rostmi?
Ilgari yosh bolalar biror yumushni uddasidan chiqsa, kattalar «olim bo‘lgin», deb duo qilishgan. Bu rag‘bat bolalarga ham juda yoqib tushar, yanayam ko‘proq yaxshi ishlarni bajargisi kelardi. O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, O‘zFA Astronomiya instituti Nazariy astrofizika bo‘limi mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, professor Bobomurod Ahmedov bilan suhbatimizni o‘qib, bugun yosh olimlarga e’tibor qanday bo‘layotganiga guvoh bo‘lasiz.
— Suhbatimizni noodatiy savol bilan boshlasak. Bugun siz fan doktori sifatida qancha maosh olyapsiz?
— Prezidentimiz olimlarning maoshlari so‘nggi yillarda o‘rtacha 4 yarim baravarga oshganini ta’kidladilar. Nufuzli faol olimlarning maoshlari esa 10 barobarga oshirilib berilyapti. Olimlar amaliyot o‘tkazishi uchun texnik uskunalar zarurmi, loyihalar uchun qancha mablag‘lar kerak bo‘lsa, hammasiga yetarli darajada pul ajratilyapti.
Shaxsan, mening maoshim 9 million 200 ming so‘m. Fan doktori bo‘lganim uchun qo‘shimcha 60 foiz ustama beriladi. Ushbu foiz bilan 15 million so‘m bo‘lyapti. Bundan tashqari, ilmiy rahbarlikdagi har bitta shogirdim uchun 1 million 500 ming so‘m oyligimga qo‘shiladi. Fundamental proyektlarni bajarganim uchun unga ham qo‘shimcha 4-5 million so‘m olishim mumkin. Oliy ta’lim muassasasida dars bersam, yana qo‘shimcha to‘lanadi. 25-30 million atrofida maosh olyapman.
— Yurtimizdagi yosh olimlarning maoshlari qancha?
— Yosh, tajribali, xorijda shakllanib kelgan professional, ilm sohasida yetilgan olimlar 40-50 million so‘mgacha maosh olishyapti. Misol uchun, Baxtiyor Narzullayev ismli shogirdim 27 yoshida fizika-matematika fanlari doktori bo‘ldi va unga Prezident qarori bilan 30 yoshigacha 36 oy mobaynida maoshiga qo‘shimcha ravishda 22 million 500 ming so‘m berilyapti. O‘zining maoshi ham katta. Yana bitta misol – yaqinda fan doktori bo‘lgan shogirdim Javlonbek Rayimboyevga O‘zbekiston Milliy universiteti yil yakunida 60 million so‘m va yana 4 nafar shogirdlarimga esa 40-50 million so‘m atrofida mukofot puli berildi.
— Oxirgi yillarda dunyo bo‘yicha 6 ta Nobel mukofoti aynan astronomiya sohasiga berildi. O‘zbek olimlari Nobel mukofotini olishlari uchun qanday yo‘ldan borish kerak?
— XX asrdagi Eynshteyn, Shredinger, Dirak kabi individual olimlar bo‘lgan. Ular kashfiyot qilishlari uchun ko‘p mablag‘ kerak bo‘lmagan. Qalam va qog‘oz bilan ilm qilavergan. Lekin XXI asrda fanning shakli tubdan o‘zgarib, jamoaviy fan shakllandi. Jamoaviy fan — minglab olimlar bitta dolzarb muammo ustida ishlaydi degani.
Mirzo Ulug‘bek XV asrda ilk bor jamoaviy ilmiy maktab yaratgan. Jamoaviy maktabda minglab olimlar 1018 ta yulduzning koordinatalarini aniq belgilab bergan. Natijada ulkan monumental «Ziji Ko‘ragoniy» asari yaratilgan. «Ziji Ko‘ragoniy» matematik tahlillarga asoslangan mashhur ilmiy monografiyadir. Ulug‘bek davrida jamoa kuzatuv uskunalari bilan mukammal ish olib borgan. Biz jamoaviy fanni shakllantirishimiz uchun Mirzo Ulug‘bek tutgan yo‘ldan borib, kuchli moddiy texnik baza bilan yosh olimlar «oltin» avlodini shakllantirishimiz kerak. Aynan ana o‘sha jamoaviy fan asosida ishlaydigan «oltin» avlod orasidan Nobel mukofotini oladigan olimlar yetishib chiqadi.
— O‘zingiz shaxsan qaysi yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib borgansiz?
— Og‘ir yulduzlar evolyusiyasi natijasida ikki turdagi muhim ob’yekt paydo bo‘ladi. Birinchisi neytron yulduzi. Mana shu neytron yulduzni paydo bo‘lishiga qiziqib, izlanish olib borib, doktorlik dissertatsiyasini yoqlaganman. Mening nuqtai nazarimda, neytron yulduzi juda qiziq ob’yekt. Chunki bu yulduzlarda yerda mavjud bo‘lmagan ekstremal fizik hodisalar kuzatiladi.
— Yulduz sodda qilib tushuntirganda nima o‘zi?
— Yulduz — gravitatsiya bilan bog‘langan yorqin plazma sharidir. Yerga eng yaqin yulduz, bu – Quyosh bo‘lib u yerdagi mavjud energiyaning asosiy manbaidir. Boshqa juda uzoq yulduzlar atmosferada to‘silmasa, yer sirtidan qo‘zg‘almas yorug‘ nuqtalar bo‘lib ko‘rinadi. Yulduzlar asosan geliy va vodorod gazlaridan iborat bo‘lgan astronomik ob’yekt.
— Bizning galaktikamizda nechta yulduz bor va bitta yulduzning yashash davri qancha?
— Bizning Somon yo‘li galaktikamizda taxminan 200 milliard yulduz mavjud va ularning aksari qo‘shaloq. Koinotda bunaqa galaktikadan 100 milliarddan ortiq galaktika bor. Sodda qilib tushuntiradigan bo‘lsam, sohildagi qumlarning sonidan yulduzlarning soni ko‘p, ya’ni odamzod uchun cheksiz.
Yulduzlarning yashash davri odamlarnikidek emas. Ularning umrini massa belgilab beradi. Bizning yulduzimiz, ya’ni quyoshimizning massasi unchalik katta emas va u 10 milliard yil yashaydi. Hozircha 5 milliard yil yashagan.
— Astronomiyada buyuk kashfiyotlar asosan ayollar tomonidan qilingan ekan. Buning sababi nimada?
— Fizikada aksariyat buyuk kashfiyotlar erkak olimlar tomonidan qilingan. Astronomiyada vaziyat butunlay boshqacha. Astronomiya o‘ta kuchli sabr-toqatni talab qiladigan fan. Xotin-qizlar mayda ishlarga juda puxta bo‘ladi. Shuning uchun astronomiyada ba’zi katta kashfiyotlar ayollar tomonidan qilingan. Galaktikalar ichida noma’lum, qorong‘i modda aniqlangan. Ana o‘sha qorong‘i moddani 1970 yillarda amerikalik Vera Rubin ismli ayol aniqlagan. Vera Rubin aslida yosh bolasi borligi uchun yarim stavkada ishlagan. Ham bolasiga qaragan, ham ishlab, olamshumul kashfiyot qilgan.
Astronomiya sohasida so‘nggi Nobel mukofotini amerikalik ayol Andreya Mia Gez oldi. Somon yo‘li galaktikasi markazida joylashgan 4 million quyosh massasiga teng o‘ta og‘ir qora o‘ra mavjudligini aniqlagani uchun Andreya Gez Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Ajoyib neytron yulduzlari ham ilk bor angliyalik ayol olima Joselin Bell tomonidan 1967 yilda topilgan. Demak, ayollar olamshumul kashfiyotlar qilmaganida guruhimizdagi yosh olimlarning doktorlik dissertatsiyalariga astronomik ob’yektlar mavjud bo‘lmas edi...
— Yurtimizda olima ayollar bu sohada qanday natijalarga erishyapti?
— Mening ayol shogirdlarim juda ko‘p. Afsuski, ularning ko‘plari xorijlik olimlar bilan chet el universitetlarida faol ishlab kelmoqda. Viktoriya Morozova mening rahbarligimda 2010 yilda 23 yoshida falsafa doktori ilmiy darajaga ega bo‘ldi va Germaniyaga xizmat safariga borib o‘sha yerda iqtidorli olim Davide Radiche ismli yigitga turmushga chiqib, hozirda Pensilvaniya universitetida ishlamoqda. Valeriya Kagramanova ham Germaniyada dissertatsiyasini himoya qildi.
Madina Boboqambarova boliviyalik kursdoshi bilan oila qurib, o‘sha yerda faoliyat yuritmoqda. Yana bitta shogirdim Malika Xudoyberdiyeva hozir O‘zbekiston Milliy universitetda doktoranturani tugatdi. Dissertatsiyasi deyarli tayyor. Bir-ikki oy ichida yoqlaydi.
— Laboratoriyalarda imkoniyatlar qanday?
— Yangi asrda raqamli tajriba birinchi o‘ringa chiqdi. Murakkab astrofizik jarayonlarni modellashtirish uchun bizga superkompyuterlar kerak. Bizlarga Innovatsion rivojlanish vazirligi fundamental grantlar ajratgan. Men rahbarlik qilayotgan loyihaga 4 milliard 300 million so‘m pul mablag‘ ajratildi va birinchi yili 420 million so‘mga super protsessorlar, ikkinchi yili 300 million so‘mga super protsessorlar oldik. Bizlarga ajratilgan mablag‘ning 50 foizidan ko‘pini zamonaviy hisoblash uskunalar olishga sarflayapmiz. Chunki hozirgi kunda raqamli tajriba qiladigan super kompyuterlar bo‘lmasa, nazariy fizikada qiladigan ish qolmaydi.
— Qaysi shogirdlaringiz yaxshi natijalarga erishyapti?
— Bobur Toshmatov yaqinda Chexiyaga bir oylik xizmat safariga uchib ketdi. O‘zbekistonda gravitatsion to‘lqin astronomiyasi yo‘nalishi Bobur Toshmatov tomonidan yaratildi. U qora o‘ralarining yangi yechimlarini oldi va atrofida maydonlarni g‘alayonlantirdi hamda 2022 yilda fizika-matematika fanlari doktori bo‘ldi.
Asqar Abdukamolov ismli nukuslik yigitimiz ham O‘zbekistonda yangi Rentgen astronomiyasi yo‘nalishini yaratib, 28 yoshida fizika-matematika doktori darajasiga erishdi.
27 yoshida fan doktori bo‘lgan Baxtiyor Narzullayev erishgan yutuqlar haqida suhbatimiz avvalida aytib o‘tdim va bundan tashqari, Arman Tursunov 29 yoshida, Ahmadjon Abdujabborov 31 yoshida, Sanjar Shaymatov 37 yoshida va Javlonbek Rayimboyev 38 yoshida fizika-matematika doktori darajasini olgan.
— Bugun yurtimizdagi astronomlarning oldida o‘rganish zarur bo‘lgan qanday muammolar turibdi?
— Men Yevropaga juda ko‘plab xizmat safarlarida bo‘laman. Ayniqsa, Germaniya, Chexiya, Italiyada kechasi osmonda yulduzlar deyarli ko‘rinmaydi. Bizning yurtimizda yozda dashtga chiqsangiz, yulduz qo‘lingizga qo‘nadigandek yaqin turadi. Astroiqlim nuqtai nazaridan O‘zbekistonning imkoniyatlari juda yuqori. Agar institutimizga tegishli "Maydanak" tog‘ observatoriyasida optik teleskoplar bazasini kuchaytirsak, xususan, ulkan 4 metrlik adaptiv teleskopni o‘rnatsak, kelgusida xalqaro hamkorlikda rejalashtirgan ilmiy izlanishlarda faol bo‘lish imkoniyatlarimiz keskin oshadi.
Nigora Rahmonova suhbatlashdi.