Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonda birinchi marta: Bugun 10 ta milliy telekanallar mashhur “O‘tkan kunlar” filmining to‘liq tasvirini namoyish etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ko‘magi bilan 29 dekabr kuni mamlakatimizning 10 ta milliy telekanallari “O‘tkan kunlar” filmining to‘la versiyasini bir vaqtda namoyish qilish aksiyasini o‘tkazadi. Mashhur yozuvchi Abdulla Qodiriyning romani asosida yaratilgan ushbu film namoyishi yozuvchi tug‘ilganining 125 yilligiga bag‘ishlanadi.

- Joriy yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan 1969 yilda rejisser Yo‘ldosh A’zamov tomonidan yaratilgan “O‘tkan kunlar” filmining to‘la versiyasi negativ plenkadan qayta tiklanib, raqamli formatga o‘tkazildi hamda 2019 yil 7 dekabr kuni O‘zbekistonga taqdim etildi, - dedi “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori F.Abduxoliqov. - Taniqli hamyurtimiz, mashhur xayriyachi Alisher Usmonovning beminnat ko‘magida amalga oshirilgan ushbu xayrli ish milliy kinematografimizning durdona asarlarining raqamli formatga o‘tkazilgan versiyasini Rossiya kinofondidan qaytarib olib kelish milliy loyihasining navbatdagi bosqichi bo‘ldi. Shu sababdan "O‘zbekkino" milliy agentligi hamyurtimiz Alisher Usmonovga o‘zbek xalqiga qilingan bebaho sovg‘a uchun o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘tkan kunlar” filmi namoyishi bugun, 29 dekabr soat 8:00 dan boshlab davlat va nodavlat telekanallarda quyidagi tartibda boshlanadi:

  1. «O‘zbekiston» telekanali 21.40 (o‘zbek tilida)
  2. «Yoshlar» telekanali 10.20 (o‘zbek tilida)
  3. «Mahalla» telekanali 18.30 (o‘zbek tilida)
  4. «Oilaviy» telekanali 13.10 (rus tilida)
  5. «Madaniyat va ma’rifat» telekanali 15.10 (o‘zbek tilida)
  6. «Kinoteatr» telekanali 16.40 (o‘zbek tilida) va 20.10 (rus tilida)
  7. “Sevimli” TV 10.00
  8. “Mening yurtim” TV 22.30
  9. “Zo‘r” TV 11.00
  10. “Milliy” TV 08.00.

"O‘zbekkino" milliy agentligi axborot xizmati.