Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasidagi ishlar xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama etildi

Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida “O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari erkinligi masalalari” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda yurtimizdagi davlat organlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar, Vena shahridagi Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ishtirokchi mamlakatlarining doimiy vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbati avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori K.Allamjonovning “O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta’minlash masalalari” to‘g‘risidagi, agentlik direktori o‘rinbosari S.Mirziyoyevaning “O‘zbekistonda axborot sohasini rivojlantirishda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatining ahamiyati” haqidagi ma’ruzalari tinglandi.

Ushbu ma’ruzalarda keyingi uch yilda mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarining chinakam “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga yetishi uchun yaratilgan imkoniyatlar va bu borada olib borilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Djon MakGregor, YeXHT elchilari va mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari vakillari kun tartibidagi masala yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

Davra suhbati yakunida tashkilotchilar 2020 yilda yurtimizda “Markaziy Osiyoda so‘z erkinligi” mavzuida halqaro forum o‘tkazishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

G‘.HASANOV.