Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonda ziyorat turizmi uchun katta imkoniyat bor

Samarqandda Xitoy, Rossiya, Fransiya, Italiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Polsha, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston mamlakatlarining yetakchi olimlari, turizm sohasi mutaxassislari ishtirokida «Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida ziyorat turizmining renessansi» mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Samarqand davlat universitetida o‘tkazilgan anjumanning ochilish marosimida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A.Akkulov, viloyat hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Nurullayev, Bolqon davlatlari rektorlar assotsiatsiyasi prezidenti N.Hadziravich va boshqalar anjuman ishida turistik markaz hisoblangan, noyob diniy sayyohlik resurslariga ega Samarqandda ziyorat turizmini tiklash, rivojlantirish bo‘yicha amaliy, ilmiy va uslubiy takliflar ishlab chiqish lozimligini ta’kidladilar.

- Mazkur anjumanning Samarqandda o‘tkazilishi bejizga emas albatta, - deydi Italiyaning Boloniya universiteti professori S.Mantellini. – Ko‘p ming yillik tarixga ega bu shahar bugun haqiqiy turizm markaziga aylanib boryapti. Shaharning ulug‘ va aziz avliyolar, allomalarga Vatan bo‘lgani, Afrosiyob yodgorligi, Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Registon ansambli, Amir Temur maqbarasi, Payariqdagi Imom Buxoriy majmuasi bu zamindagi qadimiy sivilizatsiya va madaniyatdan darak beradi. Shuningdek, nafaqat Samarqand shahrida, balki viloyatning ko‘pchilik chekka tumanlarida ham ziyoratgohlar, tabiiy dam olish maskanlari bor. Viloyatning o‘rganilmagan bir qator tarixiy makonlarini o‘rganish, ular haqida qiziqarli ma’lumotlar to‘plab, bu ob’yektlarga sayyohlarni jalb etish, ularning tarixiy salohiyatini targ‘ib qilish ham soha rivoji uchun xizmat qiladi.

Konferensiyaning «O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish istiqbollari», «Markaziy Osiyo – islom ilm-fanining ilg‘or g‘oyalari beshigi», «Ziyorat turizmini boshqarishning xalqaro tajribasi», «Madaniyat va me’morchilik Markaziy Osiyodagi madaniy yuksaltirishning yorqin aksi sifatida» kabi sho‘’balarida ishtirokchilarning turizmni rivojlantirishning dolzarb masalalariga doir 130 dan ziyod ma’ruzalari tinglanishi rejalashtirilgan.

- Bundan tashqari, anjuman davomida turizmni rivojlantirishga mas’ul vazirliklar va sayyohlik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun ochiq munozara maydoni tashkil etiladi, - deydi Samarqand «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti prorektori B.To‘rayev. - Turistik faoliyatning qonuniy va huquqiy tartibga solinishi, turagentlar, turoperatorlarning ziyoratgoh turizmini ommaviy targ‘ib qilish, diniy turizm bo‘yicha tajriba almashuv, innovatsion xizmatlar, dasturlar, kasbiy texnologiyalarni ishlab chiqish kabi masalalar muhokama etiladi. Bildirilgan fikrlar asosida soha istiqboliga xizmat qiluvchi takliflar va xulosalar chiqariladi.

A.Sherxolov.