Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonlik yigitga ko‘rsatgan jasorati uchun tashakkurnoma topshirildi

2019 yil 25 avgust kuni O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsuli Fariddin Nasriyev yo‘l-transport hodisasida jarohatlanganlarga yordam berishda mardonavor harakati uchun O‘zbekiston fuqarosi Danil Yuldashevga tashakkurnoma topshirdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Avvalroq Danil Yuldashev insonlarni qutqarishda ko‘rsatgan jasorati va qat’iyligi uchun Perm o‘lkasi gubernatori Maksim Reshetnikovdan minnatdorlik xati oldi.

Eslatib o‘tamiz, 17 avgustda Perm viloyati Gayva shahrida 53-sonli yo‘nalishli avtobus YTHga uchragan. Avtobus do‘kon devoriga borib urilishi oqibatida uning eshiklari yopilib qolgan.

YTHda 1 kishi qurbon bo‘lgan va 32 kishi jarohatlangan. Voqea guvohi bo‘lgan 20 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Danil Yuldashev darhol avtobus ichida qolgan odamlarni qutqarishga kirishgan.

U avtobusning orqa oynasini sindirib, yaralanganlarni birma-bir olib chiqa boshlagan. Undan tashqari, Danil shikastlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, yo‘ldan o‘tayotgan avtomobillarni to‘xtatib, ulardan bemorlarni shifoxonaga olib borishni iltimos qilgan. Tez yordam yetib kelganda ham Danil yordam berishda davom etgan. 

Ma’lumot uchun: Danil Yuldashev Toshkentdan Permga ko‘chib borgan. U yerda o‘rta ta’limni olgan va hozirda ishlamoqda. Boks bilan shug‘ullanadi. Uning qarindoshlari O‘zbekistonda yashaydi.