Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonning bag‘rikenglik siyosati ko‘pgina mamlakatlar uchun o‘rnak

Joriy yilning 2-3 noyabr kunlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida S5+1 muloqoti doirasida AQSh Tinchlik instituti bilan hamkorlikda “Diniy bag‘rikenglik, zo‘ravon ekstremizm va radikallashuvning oldini olishda Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligini kuchaytirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda AQSh, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Turkmaniston va Afg‘onistondan 50 nafarga yaqin xalqaro ekspert va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyada asosan aldov yo‘li bilan terrorizm va zo‘ravon ekastremizm yo‘liga kirib qolganlar, ularning turmush o‘rtoqlari va farzandlarini reablitatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir doirasida mehmonlar Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qilib, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan tanishdi.

Anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, bu yo‘nalishda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar haqida fikr-mulohazalar bildirishdi.

Nensi LINDBORG, AQSh Tinchlik instituti prezidenti:

- S5+1 doirasida bo‘lib o‘tayotgan seminar AQSh Tinchlik instituti va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkil qilinganidan mamnunmiz. Anjumanda Markaziy Osiyo davlatlari ilmiy doiralari vakillari, adashib noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolganlarni sog‘lom hayotga qaytarish sohasining yetuk ekspertlari qatnashmoqda. Ularni bu yerda to‘plashda Markaz platforma vazifasini bajardi.

Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad terroristik va ekstremistik tashkilotlarga aldov yo‘li bilan kirib qolganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, notinch o‘lkalarga ketganlarni yurtiga qaytarib, reablitatsiya qilishga ko‘maklashish masalalarini muhokama qilish, fikr va tajriba almashishdan iborat.

Bu ishlarni amalga oshirishda S5+1 mamlakatlari bilan hamkorlikni tobora kengaytiryapmiz. Hukumat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, shu masalalarni muhokama qildik.

O‘zbekiston rahbariyatining tashabbusi bilan bir guruh ayol va bolalar yurtga qaytarilgani jasoratli ish. Bu ezgu tadbir boshqa davlatlar uchun o‘rnak bo‘lib, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham o‘xshash harakatlar boshlanishiga turtki berdi.

Markaz to‘g‘risidagi taassurotlarim bir olam. U milliy va zamonaviy me’morlik an’analari asosida barpo etilgan. Barcha qulayliklarga ega bu texnik jihozlanish rivojlangan davlatlar vakillarida ham havas uyg‘otdi. Ayniqsa, bu yerdagi ilmiy muhit alohida ajralib turadi. Tadqiqotchilar bilan uchrashib bildimki, bu yerda o‘z sohasining yetuk mutaxassislari ishlaydi va tadqiqotlar olib boradi.

Keneshbek SAYNAZAROV, “Mushtarak manfaatlarni aniqlash” Markaziy Osiyo dasturlari direktori (Qirg‘iziston Respublikasi):

- Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘ta noyob muassasalardan bo‘lib, butun Markaziy Osiyo xalqlarining ilmiy va madaniy mulki sanaladi.

Markaz bilan joriy yilning may oyidan buyon hamkorlik qilib kelyapmiz. Bugungi anjumanda Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlardan, jumladan, Turkmanistondan vakillar qatnashayotgani quvonarli.

Ishonchim komilki, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi butun mintaqa mamlakatlari diniy-ma’rifiy muassasalari, ma’rifatparvarlar uchun Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Movaraunnahrdan yetishib chiqqan boshqa buyuk alllomalarning yo‘lini davom ettirishga xizmat qiladigan muloqot maydoniga, sheriklik markaziga aylanadi.

Markaz rahbariyati bilan suhbatda Markaziy Osiyoning har bir  davlatidan 3-4 nafardan yosh tolibi ilmni bu yerga to‘plash, o‘qishi va tadqiqot olib borishini tashkil qilish masalasini ham muhokama qildik.

Imom Buxoriy yashagan davrdan hozirgi kungacha bitilgan qo‘lyozmalarning qozoq, qirg‘iz, turkman va tojik tillariga tarjima qilinishi buyuk allomalarning boy merosini targ‘ib qilish yo‘lida muhim dasturilamal bo‘lish barobarida, diniy aqidaparastlik va ekstremizm kabi illatlarga qarshi ma’rifat bilan kurashishning kuchli mexanizmi bo‘ladi.