Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi

Samarqand viloyati ma’muriy sudining qarori bilan fuqaro A.A. tomonidan Oqdaryo tumani ma’muriy sudining hal qiluv qaroriga nisbatan keltirilgan apellyasiya tartibidagi shikoyat qanoatlantirilmasdan, hal qiluv qarori esa o‘zgartirilmasdan qoldirildi.

Aniqlanishicha, Samarqand shahar hokimining qarori bilan fuqaro A.A.ga, Samarqand shahrining ko‘chalaridan birida joylashgan turar joyi buzilishga tushganligi sababli uning o‘rniga Oqdaryo tumanidagi R.Hamroyev nomli turar-joy maskanidan yakka tartibda turar-joy qurish uchun 0,06 gektar yer maydoni tovon tariqasida ajratib berilgan. Biroq, fuqaro A.A. ushbu ajratib berilgan yer maydoniga yangi turar-joy binosini qurmasdan, Samarqand shahrining boshqa hududidagi ochiq yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, o‘sha joyda qurilish ishlarini olib borgan hamda suddan ushbu qurilgan uy-joyiga nisbatan egalik huquqini tiklash majburiyatini shahar hokimligi zimmasiga yuklashni so‘ragan. Oqdaryo tumani ma’muriy sudining hal qiluv qarori bilan arizachining shikoyati rad qilingan va u viloyat ma’muriy sudiga, sudning ushbu hal qiluv qarorini bekor qilishni hamda arizasini qanoatlantirib, yangi mazmunda qaror qabul qilishni so‘ragan.

Viloyat ma’muriy sudi apellyasiya instansiyasida mazkur ish bo‘yicha barcha haqiqiy holatlar har tomonlama va to‘liq aniqlanib, arizachining apellyasiya shikoyati rad qilindi va birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirildi.

Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga ko‘ra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek, imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi. O‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi.

Akmal Alimov,

Samarqand viloyat ma’muriy sudining sudyasi.