Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zini jarroh deb tanishtirgan yolg‘onchi qanday qilib hamma kasallarini davoladi

Ushbu fotosuratdagi odam Ferdinand Uoldo Demara. U “Buyuk yolg‘onchi” laqabi bilan tanilgan. Xo‘sh, nega odamlar unga shu nomni bergan?

U o‘zini odamlarga Benedektin rohibi, qamoqxona direktori, kema shifokori, bolalar parvarishi bo‘yicha mutaxassis, qurilish muhandisi, sherif muovini, sertifikatlangan ruhshunos, advokat, o‘qituvchi, muharrir va saraton kasalligini davolash vositasini izlayotgan olim sifatida tanishtirdi. Bu ishlarini u hech qachon pul ishlash uchun qilmadi. Unga faqat boshqalarning e’tirofi kerak edi, xolos. U fotografik xotira va yuqori aql-idrok (IQ) egasi edi.

16 yoshida uyidan qochib, bir necha yil sistersian monarxlari bilan birga yurdi, 1941 yilda askarlikka yozildi. So‘ng dengiz flotida xizmat qildi. O‘zini ofitser qilib ko‘rsatishga uringanida muvaffaqiyatsizlikka uchragach, o‘z joniga qasd qilganini sahnalashtirib kemani tark etdi. Keyin ruhshunos Robert Linton French nomini olib Pensilvaniya va Vashington kollejlarida psixologiyadan dars berdi.

Federal qidiruv byurosi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan va armiyadan qochganligi uchun 18 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan Demara ozodlikka chiqqanidan so‘ng soxta hujjatlar bilan shimoliy-sharqiy universitetda o‘qiy boshladi. Shundan so‘ng yana rohiblikka o‘tdi. Darvoqe, u bugungi kunda ham faoliyat olib boradigan kollejga asos solgan. Cherkovda u yosh shifokor Jozef Sera bilan tanishdi, uning ismidan foydalanib, o‘zini jarroh deb tanishtira boshladi. Koreya urushi paytida Kanadadagi “Kayuga” minatashuvchi kemasi leytenanti va kema shifokori unvoniga ega bo‘lib Koreyaga jo‘natildi. U yerda esa kasallarni penitsillin bilan mukammal davoladi.

Kunlarning birida kemaga operatsiyaga muhtoj bo‘lgan 16 nafar og‘ir yarador askar yetkazildi. Demara kemadagi yagona jarroh bo‘lganligi sabab, yaradorlarni tayyorlab, operatsiya xonasiga olib borishni buyurdi. O‘zi esa kayutasiga o‘tirib olib, jarrohlik bo‘yicha darslikni o‘qiy boshladi. U mustaqil ravishda barcha jarrohlik operatsiyalarini (shu jumladan, bir nechta og‘ir operatsiyalarni ham) amalga oshirdi. Askarlarning hammasi omon qoldi.

Gazetalarda u haqida yozilgan maqolalarni haqiqiy Jozef Seraning onasi to‘satdan o‘qib qolganida bu aldanish fosh bo‘ldi. Uzoq vaqt davomida kema kapitani o‘zining jarrohi tibbiyotga aloqasi yo‘qligiga ishonishdan bosh tortdi. Kanada dengiz floti Demaraga qarshi ayblovlarni qo‘zg‘atmaslikka qaror qildi va u AQShga qaytib keldi.

Keyin u Texasdagi qamoqxona boshlig‘ining o‘rinbosari vazifasida ishladi (u psixolog diplomiga ega edi). U yerda Demara jinoyatchilarni psixologik qayta tiklash bo‘yicha jiddiy dasturni ishga tushirdi. Los-Anjelesdagi eng yirik uysizlar makonida maslahatchi bo‘ldi, Oregon shtatidagi kollejni tugatganligi to‘g‘risida hujjat oldi va kasalxonaga oid cherkov ruhoniysi ham bo‘lib ishladi.

Internet materiallari asosida Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.