Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zLiDeP 16 xil millat istiqomat qilayotgan mahalla fuqarolari bilan ochiq muloqot uyushtirdi

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi Samarqand shahridagi Mir Said Baraka mahallasida «Qo‘shnichilik munosabatlarda o‘zaro hurmat, mehr-oqibatli bo‘lish — yurtimizda ahillikni mustahkamlashning eng muhim sharti» mavzusida amaliy uchrashuv uyushtirdi.

- Mustaqillik yillarida mamlakatimizda millatlararo munosabatlarda yangi bosqich boshlandi. Bag‘rikenglik, insonparvarlik millatlararo va fuqarolararo hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni vatanga muhabbat, sadoqat ruhida tarbiyalash O‘zbekistonda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Bularning barchasi hayotda o‘zining to‘liq ifodasini topdi, - deydi O‘zLiDeP Samarqand shahar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari Hasan Xo‘jaqulov. - Samarqand ko‘p millatli shahar. Ushbu tadbirni aynan Mir Said Baraka mahallasida o‘tkazishimiz ham bejiz emas. Sababi, bu yerda  qator yillardan buyon turli millat va elat vakillari hamjihat bo‘lib yashab kelmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek o‘zaro hamjihatlikda yashab, Vatanimizni yanada ravnaq toptirish yo‘lida mehnat qilib kelishayotganligini alohida e’tirof etdilar.

 - Mahallamizda 16 xil millat va elat vakillari tinch-totuv, ahil va do‘stona munosabatda yashab kelishmoqda. Eng yoshi ulug‘ fuqarolarimizdan koreys millatidan mansub 106 yoshli Ten Mariya, 100 yoshli boshqird qizi Mar’yam Dusmetova, 92 yoshli arman qizi Mariya Abramova, 91 yoshli uyg‘ur qizi Salomatxon Yusupova mahallamizning faxri, - deydi Mir Said Baraka MFY raisi Sherzod Saydullayev.

Baxtigul Qarshiyeva,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat

Kengashi matbuot xizmati.