Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zLiDeP deputatlari elektr ta’minoti korxonasining axborotini qoniqarsiz deb topdi

Aholining elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlari inobatga olinib, xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati rahbarining hisobotini eshitish masalasi rejalashtirildi.

Ammo jamiyat rahbari yig‘ilishga kelamaganligi sababli axborotni korxona rahbarining o‘rinbosari Suhrob Mirzaqulov o‘qib eshittirdi.

Qayd etilishicha, Prezidentimizning 2016 yil 23 noyabrdagi qaroriga muvofiq, 2020 yilda Samarqand viloyati bo‘yicha 997 kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 441 ta transformator puntklarini yangidan qurish va modernizatsiya-rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

- Bundan tashqari, 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha 2767 kilometr masofada elektr uzatish tarmoqlari, 780 ta transformator punktlari hamda 8 ta podstansiyalardagi kuch transformatorlarini mukammal ta’mirlanishi kerak, - dedi S.Mirzaqulov.

Yig‘ilishda bevosita “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ va korxonaning joylardagi bo‘limlari faoliyati bilan bog‘liq holatlar keskin tanqid qilindi.

Jumladan, Oqdaryo tumanidagi Galaravot qishlog‘i aholisi bundan ikki yil oldin sotib olgan transformator uskunasini o‘rnatish bo‘yicha O‘zLiDeP Oqdaryo tumani kengashi deputatiga 2018-2019 yillar davomida “kelgusi yil dasturga kiritamiz”, degan javoblar olingan bo‘lsa-da, transformator haligacha o‘rnatilmagan.

- Deputatlar tomonidan joylarga borib aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazilganda, tizim bilan bog‘liq juda ko‘p muammolar ko‘tarilyapti, - dedi xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati Mirzo Ixtiyorov. -Muammolar yuzasidan deputatlik so‘rovlarini yuborsak aniq javoblar o‘rniga, “kelasi yil dasturga kiritamiz”, “mutasaddi tashkilotlarga xat bilan murojaat qildik” mazmunidagi javoblar berilmoqda. Yana bir qator so‘rovlar javobsiz qolib ketyapti.

Shuningdek, yig‘ilishda viloyatning ayrim qishloq va mahallalaridagi simyog‘ochlar 1960-1972 yillarda o‘rnatilganligi, uchrashuvlarda aholi tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyatida eskirgan simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish masalasi ko‘tarilayotganligi qayd etildi. Samarqand tadbirkorlar yurti bo‘la turib, maxsus temir betonli ustunlar Qashqadaryo viloyatidan keltirilayotganligi deputatlar tomonidan tanqid qilindi.

Yig‘ilishda “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ rahbari o‘rinbosari S.Mirzaqulovning axboroti qoniqarsiz deb topildi.

Deputatlik guruhi tomonidan Samarqand viloyati elektr tarmoqlari korxonasiga hududlarda elektr ta’minotini yaxshilash va energiya tejovchi dvigatellar o‘rnatish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Baxtigul QARShIYeVA,

O‘zLiDeP Samarqand viloyati kengashi matbuot kotibi.