Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Past Darg‘om tumanida antik davrga tegishli xumlar topildi

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani Qayrog‘ochli qishlog‘ida yashovchi Bunyod Haqberdiyev 2019 yilning iyul oyi oxirlarida o‘z tomorqasiga suv qo‘yayotganida, suv bir tuynuk orqali yer ostiga kirib borayotganini va buning oqibatida yerning o‘sha qismi cho‘ka boshlaganini payqab qoladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Shunda u suvni to‘xtatib, cho‘kkan joyni kovlab ko‘radi. Kovlangan yerdan avval bitta, kengroq ochilganda yana to‘rtta xumning og‘iz qismi ko‘rinadi. So‘ngra B.Haqberdiyev bu haqda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasiga xabar beradi.

Muzey-qo‘riqxona bosh muhofizi M.Yunusov, O‘zFA arxeologik tadqiqotlar instituti direktor o‘rinbosari M.Saidov bilan birgalikda topilma aniqlangan joyni borib ko‘zdan kechiradi. Aniqlanishicha, bu hududda o‘tgan asrning 60-yillarigacha katta tepalik mavjud bo‘lgan. Samarqand muzeyi ilmiy xodimi I.Suxarev XX asrning 30-yillarida viloyat hududidagi barcha shunday tepaliklar ro‘yxatini tuzgan bo‘lib, ro‘yxatda ushbu hududdagi tepalik ham ko‘rsatilgan. O‘tgan asrning 60-yillarida ushbu tepalik hududdan o‘tkazilgan temir yo‘l izlari tagiga tekislab yuborilgan.

Xuddi ana shu tepalik yaqinida aniqlangan xumlar qariyb 2 metr chuqurlikdan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi va O‘zFA arxeologik tadqiqotlar instituti xodimlari ishtirokida qazib olindi hamda viloyat o‘lkashunoslik muzeyiga olib kelinib, singan bo‘laklari joyiga o‘rnatildi.

– Ma’lum bo‘lishicha, ushbu xumlar miloddan avvalgi II-I asrlarga taalluqli bo‘lib, suyuq mahsulotlar va donni saqlash uchun ishlatilgan, – deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi Mahmudxon Yunusov. – Ushbu hududda antik davri ashyolarining qayd qilinishi tasodifiy emas. Chunki bir necha yil oldin Nurobod tumanining Jom qishlog‘i hududidan Salavkiylar (miloddan avvalgi IV asr oxiri III asr boshlari) davlatiga tegishli Antiox tetradraxma tangalari aniqlangan edi. Xoncharvoq va Jom qishloqlari ham Samarqand viloyatining Janubi-g‘arbiy mintaqasida mamlakatimiz janubiga eltadigan yo‘lda bitta chiziqda joylashgan. Xulosa qilib aytganda, antik davrda viloyat savdo-sotiq rivoj topgan, obod bir hudud bo‘lgan.

Hozirgi vaqtda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi va O‘zFA arxeologik tadqiqotlar instituti ilmiy xodimlari ushbu topilmalarning analoglarini aniqlab, ilmiy xulosa chiqarish ustida ish olib borishmoqda.