Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Past Darg‘omda miloddan avvalgi III-II asrga tegishli harbiy istehkom topildi

Ushbu arxeologik topilma tumanning Do‘stlik mahallasi hududida joylashgan “Qo‘y tepa” tepaligi o‘rnidan topildi. Ayni paytda ushbu joyda italiyalik hamda samarqandlik arxeolog-olimlar ilmiy ekspeditsiya olib bormoqda.

Ilmiy qidiruv jarayonida olimlar hududdan qal’a devorlari, katta ko‘za, kosa, kichik haykalcha, muhr kabi noyob topilmalar topishgan. Olimlarning ta’kidlashicha, ushbu tarixiy ob’yekt tashqi dushmanlardan himoyalovchi harbiy istehkom bo‘lgan.

Past Darg‘om tumani hokimligi axborot xizmati xabar berishicha, tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev ushbu tarixiy manba bilan tanishish uchun ushbu ob’yekti kelgan, olimlar bilan suhbatlashgan. Olis yurtdan kelib, tuproq ostida yashiringan tariximizni ochishda ko‘maklashayotgani uchun xorijlik olimlarga o‘z minnatdorligini bildirgan.

Shuningdek, tuman hokimligi olimlarga ilmiy qidiruv jarayonida zarur bo‘lgan moddiy-ma’naviy ko‘mak berishga tayyorligini aytgan. Jumladan, hokim tepalikni tashqi ta’sir, jumladan, yomg‘ir, qorlardan himoya qilish uchun tarixiy ob’yekt ustiga temir panjara o‘rnatib, ustini to‘liq yopib berishni o‘z zimmasiga olgan.