Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Past darg‘omlik “tadbirkor” sotayotgan qariyb 179 million so‘mlik mahsulot olib qo‘yildi

Bugun tadbirkorlik sub’yektlarining emin-erkin faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilmoqda. Chunki, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ustuvor ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidlash lozim. Qulay imkoniyatlardan samarali foydalanish o‘rniga noqonuniy faoliyat yuritishni maqsad qilayotgan, soliq to‘lashdan qochishni afzal bilayotganlar hamon uchrab turibdi.

Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan olib borilayotgan nazorat tadbirlari davomida hujjatsiz ish yuritishni o‘ziga kasb qilib olgan “tadbirkorlar” faoliyati yuzaga chiqmoqda.

Masalan, Past Darg‘om tumanida istiqomat qiluvchi B.N. asosiy talab – davlat ro‘yxatidan o‘tib, soliqlarni to‘lashga panja orasidan qaraydiganlar toifasidan chiqib qoldi. Yo‘qsa, u hujjatsiz ravishda un savdosi bilan shug‘ullanmagan bo‘lardi. O‘tkazilgan nazorat tadbirida qilmishi fosh bo‘lgan fuqarodan qiymati 178 million 886 ming so‘mlik 13 turdagi 1083 qop un daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Ishtixon tumanida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlarda ham bir qator huquqbuzarlik holatlari aniqlandi. Xususan, fuqarolar J.N. va M.K. davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, poyabzal savdosi bilan shug‘ullanayotgani ma’lum bo‘ldi. Oqibatda J.N.dan 2 million 870 ming so‘mlik va M.K.dan 4 million 60 ming so‘mlik erkaklar poyabzallari daliliy ashyo sifatida olindi.

Fuqaro L.Q. esa Ishtixon ko‘chasida joylashgan binoda ayollar liboslarini tikish bilan noqonuniy shug‘ullanib kelgani soliqchilarning nigohidan chetda qolmadi. Nazorat tadbiri mobaynida siri fosh bo‘lgan chevar “tadbirkor”ning umumiy qiymati 9 million 900 ming so‘mlik 3 dona tikuv mashinasi daliliy ashyo sifatida olindi.

Muxtasar aytganda, amaldagi qonun talablariga rioya etmaydigan, turli qing‘ir yo‘llarni xush ko‘radigan “tadbirkorlar”ning faoliyati uzoqqa cho‘zilmaydi. Eng maqbuli, tartib-qoidalarni chetlab o‘tmasdan, qonuniy ish yuritish. Shunda tadbirkor ham, el-yurt ham manfaat ko‘radi.

Musurmon MAMADIYoROV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimi.