Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Paxtachiliklar paxta terimini boshladi

Bu yilgi mavsumda Paxtachi tumani paxtakorlari birinchilardan bo‘lib hosilni yig‘ib-terib olishga kirishdi. Tumandagi klaster usulida g‘o‘za parvarishlagan "ZIYOVUDDIN TEXTILE" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli qabulgohga birinchi paxta karvoni keldi.

Joriy yilda tumanda 8 ming 170 gektar maydonga chigit ekilib, g‘o‘za mavjud agrotexnik tadbirlar asosida parvarish qilindi. Mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun 210 ta terim otryadi tashkil etilib, 19 ming 101 terimchi jalb etilmoqda. Ularning aksariyati klaster va fermer xo‘jaliklari ishchilari, 3 mingdan ortig‘i ko‘ngilli terimchilardir.

Paxtachiliklar bu yil 23 ming 693 tonna paxta xom ashyosini yig‘ib olib, qabul punktlariga topshirishni mo‘ljallamoqda. Buning uchun zarur sharoit yaratilgan, hosilni tashish uchun yetarli texnika vositalari shay holatga keltirilgan.

Mavsum boshlanishi munosabati bilan "ZIYOVUDDIN TEXTILE" mas’uliyati cheklangan jamiyatida tadbir tashkil etildi. Klaster korxonasi ishchilari hamda yig‘im-terim ishlarida ishtirok etuvchilarga dasturxon yozilib, osh tortildi.

Abdumajid HUSANOV.