Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Payariqlik qidiruvdagi shaxs Toshkent viloyati "GAI" binosida qo‘lga olindi

1982 yilda Payariq tumanida tug‘ilgan, hozirda Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi fuqaro Z.Ya. odamlar ishonchiga kirishga, o‘zining yolg‘onlari bilan ularni chuv tushirishga ustasi faranglardan bo‘lib chiqdi.

Galdagi jabrdiydani chuv tushirib, u bilan spirtli ichimlik iste’mol qilib transport vositasini boshqardi. YPX xodimlari uni to‘xtatganida mast bo‘lsa-da, aslo “yerga tushmadi”. Do‘q-po‘pisa qildi, yuqori mansabdagi tanishlari bilan qo‘rqitishga urindi. Ammo YPX inspektorlari ziyraklik bilan ish tutdi, sud esa uni ma’lum muddatga haydovchilik huquqidan mahrum qildi.

Yashash joyi atrofida firibgarligi ish bermay qolgach, o‘zi tug‘ilgan Samarqand viloyatiga yo‘l oldi. Bu yerda ham birin-ketin soddadil kishilarni domiga ilintirdi. Ishtahasi ochilib, kattaroq firiblarga qo‘l urdi. Ammo odamlar aldanib qolavermaydi, ular IIBga ariza bilan murojaat qildi.

Z.Ya.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qism «a» bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bundan xabar topgan firibgar Samarqanddan juftakni rostlab qoldi.

Bu orada uning haydash huquqidan mahrum qilingan vaqti tugadi. Qibrayga qaytib kelgach, haydovchilik guvohnomasini qaytarib olish maqsadida Toshkent viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘limiga keldi. Arizalarni rasmiylashtirish uchun hujjatlarini davlat boshqarma inspektori, serjant Sh.Qosimovga taqdim etgan Z.Ya. hozirda zamonaviy, innovatsion texnologiyalar yordamida qidiruv ishlari olib borilishini bilmay qoldi va shu yerda «qopqon»ga tushdi.

“Xodimlar tezda Samarqand viloyatidagi hamkasblari bilan bog‘landi. Z.Ya.ni esa viloyat IIBga topshirdi. Endi u Samarqandda sodir etgan jinoyatlari uchun javob beradi”, deyiladi Toshkent viloyati IIB YHXB axborot xizmati xabarda.