Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Payariqdagi dehqon bozorida turmush o‘rtog‘ini vahshiylarcha o‘ldirgan qotilga nisbatan sud ishi boshlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudida sudya T.Qodirov raisligida turmush o‘rtog‘ini vahshiylarcha o‘ldirgan A.B.ga nisbatan sud ishi boshlandi.

Sudlanuvchi A.B. 2019 yil 7 avgust kuni soat 14:30 larda Samarqand viloyati, Payariq tumani G‘oyib ota mahallasida, joylashgan "Chelak dehqon bozori" mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida tadbirkor V.G.ga tegishli savdo rastasiga sotish uchun qo‘yilgan oshxona pichog‘i bilan 1993 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i N.G.ni qasddan o‘ldirish maqsadida chap ko‘krak qafasi orqa sohasiga ikki marta zarb bilan urgan.

N.G. "Chelak dehqon bozori" hududidagi 41-sonli dorixonaga qochib borganida A.B. jinoiy maqsadini oxiriga yetkazish maqsadida uning ortidan ta’qib qilib, qo‘lidagi oshxona pichog‘i yordamida o‘ta shafqatsizlik bilan hayoti uchun muhim chap o‘pka va chap kurak sohalariga, chap yelka bo‘g‘imi va chap qo‘ltiq osti sohalariga pichoq bilan 9 marta zarba bergan. Oqibatda N.G. voqea joyida vafot etgan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosasida N.G.ning o‘limi yetkazilgan tan jarohatidan keyin o‘tkir qon ketish bilan kechgan organizmining qonsizlanishi oqibatida yuz berganligi, og‘irlik darajasi bo‘yicha og‘ir tan jarohati guruhiga kirishi aniqlangan.

Sudlanuvchi A.B. o‘zining g‘ayriqonuniy jinoiy harakatlari bilan javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda, ya’ni o‘ta shafqatsizlik va bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirib, O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “j,l” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Otabek QODIROV,

jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudya katta yordamchisi.