Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Pensiyada yangilik: Mahkumlarga ham pensiya tayinlanishi va to‘lanishi mumkin

Yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston  Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga 53-1 (prim) moddasi qo‘shilib, unda “ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya to‘lash” ko‘rsatib o‘tilgan.

Endilikda manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiyalar to‘lash manzil-koloniya joylashgan yerdagi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman(shahar) bo‘limlari tomonidan tegishli pensiyalar summalarini mahkumlarning shaxsiy hisobvaraqlariga o‘tkazish orqali amalga oshiriladi, deb belgilab qo‘yildi.

Mazkur qonunning 62-moddasida pensioner ozodlikdan mahrum qilingan davrda pensiyani to‘lash to‘xtatib qo‘yilishi ko‘rsatilgan edi. Endi bu tartibga ham o‘zgartirish kiritildi, ya’ni “bunda manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan shaxslar mustasno” degan so‘zlar kiritildi, ya’ni manzil-koloniyalarda bo‘lgan msahkum pensiya olishi mumkin bo‘ldi. 

Bundan tashqari, qonunning 43-moddasiga ham o‘zgartirish kiritildi, endilikdan mahkumlar ham pensiya tayinlashga murojaat qilishlari mumkin bo‘ldi. Bunda manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza bevosita manzil-koloniya joylashgan yerdagi Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlariga berilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.

Misol uchun, 1958 yil (60 yoshda) tug‘ilgan fuqaro 10 yil ozodlikdan mahrum etilgan, 4 yildan so‘ng Past Darg‘om tumanidagi Go‘zalkent manzil-koloniyasiga o‘tkazilgan. Fuqaro yoshga doir pensiya tayinlashni so‘rab Past Darg‘om tuman Pensiya jamg‘armasiga ariza bilan murojaat etishi mumkin va unga pensiya  tayinlab beriladi. 

Yana bir misol, pensiya oluvchi fuqaro ozodlikdan mahrum etilgan va u hozirgi kunda manzil-koloniyada jazoni o‘tamoqda. Unga pensiya to‘lovi tiklanib, mahkumning shaxsiy hisobvaraqasiga pensiya summalarini o‘tkazish orqali pensiya puli to‘lab beriladi. 

Abdurashid Rahimov,

Moliya vazirligi huzuridagi  

Byudjetdan tashqari pensiya  jamg‘armasi

Samarqand viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.