Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Permda YTHga uchragan 32 nafar yo‘lovchini saqlab qolgan Danil Yuldashev vazirlik jamoasiga qabul qilindi

Endigina 20 yoshni qarshilagan Danil Yuldashev sizga tanish emasdir hoynahoy. Biroq uning qahramonligi haqida eshitgansiz. 2019 yilning 17 avgust kuni Rossiyaning Perm viloyatida mahalliy vaqt bilan soat 17:00lar atrofida yo‘lovchi avtobusi nosozligi sabab do‘kon devoriga borib uriladi. Falokat oqibatida 32 nafar yo‘lovchi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkaziladi, bir nafar yo‘lovchi esa voqea joyida halok bo‘ladi. Halokat joyida baxtli tasodif tufayli Danil Yuldashev bo‘lmaganda, ularning soni oshgan bo‘lardi, balki.

Mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun sport zaliga yo‘l olgan Danil avtobusning YTHga uchraganini ko‘rib, befarq o‘tib keta olmaydi va jabrlanganlarga yordam berishga shoshadi. Ikki soat davomida avtoulovdan jarohatlanganlarni olib chiqishda jonbozlik qilib, ularga dastlabki tez tibbiy yordamni ko‘rsatadi. Qisqa vaqt ichida Danilning jasorati tillarga tushadi. Ijtimoiy tarmoqlarda unga qahramon unvonini berish haqida fikrlar bildiriladi. 21 avgust kuni Perm o‘lkasi gubernatori Maksim Reshetnikov Danil Yuldashev bilan uchrashib, unga tashakkurnoma topshirdi. Danilning mardonavor harakatlari yurtimizning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi tomonidan ham e’tirof etildi.

Bularning bariga javoban Danil o‘zini qahramon hisoblamasligini, qiyin ahvolga tushganlarga yordam berish har bir insonning burchi ekanini ta’kidladi.

Danil Yuldashev Toshkentda o‘sib ulg‘aygan, oilaviy sharoitlar sabab Rossiyaga yo‘l olib, bir necha yillar mobaynida o‘sha yerda istiqomat qilib kelgan.

Faol fuqarolik pozitsiyasiga ega Danil Yuldashev kabi yoshlar har bir jamiyatga kerak. Chunki aynan mana shunday fuqarolar yordamida huquqiy-demokratik davlat barpo etish mumkin. Shuning uchun ham Rossiya Federatsiyasi Danilga o‘z fuqaroligini taklif qildi. Biroq u o‘zini tug‘ilgan yurtining rivoji uchun javobgar biladi. Mana shu niyatini amalga oshirish, o‘zini, imkoniyatlarini ko‘rsatsin, deya Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Danil Yuldashevni o‘z safiga qo‘shdi, uni ishga qabul qildi. O‘ylaymizki, uning faol fuqarolik pozitsiyasiga ega ekani, harakatchanligi, muhimi, atrofida sodir bo‘layotgan hodisalarga befarq emasligi faoliyati davomida asqotadi.