Piyodalar yo‘lakchasi harakat uchunmi yoki savdo maydoni?

Piyodalar yo‘lakchasi kim uchun mo‘ljallangan — odamlar xavfsiz harakatlanishi yoki savdo qilishi uchunmi? Afsuski, bugun ayrim hududlarda bu savol ochiq qolmoqda.

Siz tasvirlarda ko‘rib turgan yo‘laklar aslida piyodalar uchun mo‘ljallangan. Ushbu holatlar viloyatimizning Samarqand va Toyloq tumanlarida tasvirga olingan. Yo‘laklarda betartib joylashtirilgan rastalar, qozon-o‘choqlar hamda reklama vositalari piyodalarning erkin harakatlanishiga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda. Oqibatda fuqarolar yo‘lning qatnov qismida yurishga majbur bo‘lib, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda.

Achinarlisi, bugun ayrim ko‘chalarda piyodalar yo‘lagini topishning o‘zi mushkul. Aslida insonlar xavfsiz harakatlanishi uchun barpo etilgan yo‘laklar savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari tomonidan egallab olinmoqda. Bu esa nafaqat yo‘l harakati qoidalariga, balki shaharsozlik va jamoat xavfsizligi talablariga ham ziddir.

Piyodalar yo‘lakchasi - savdo uchun emas, avvalo inson hayoti va xavfsizligi uchun xizmat qilishi kerak. Mas’ul tashkilotlar tomonidan bu holatlarga befarq qaralmasdan, qonuniy tartib o‘rnatilishi, tadbirkorlik faoliyati esa belgilangan joylarda amalga oshirilishi shart. Aks holda, piyodalar xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar kuchayib boraveradi.

Baxtiyor Mustanov.