Polshalik deputat: Samarqand bilan hamkorlik qilish niyatidamiz

E’tirof

Kecha Polshaning Lyublin voyevodi(viloyati) xalq deputatlari kengashi raisi, Lyublin Katolik universiteti profesori Mechislav Riba rahbarligidagi delegatsiyasi mahalliy Kengashlar va ishbilarmonlar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish maqsadida Samarqandga keldi.

Viloyat Kengashidagi muloqotda tomonlar hamkorlikning yo‘llari xususida fikrlashib oldilar.

-  O‘zbekistondagi chuqur demokratik islohotlar, erishilayotgan natijalar va davlat rahbari, janob Mirziyoyevning xalqaro minbarlardagi tashabbus va takliflari jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otmoqda – dedi Mechislav Riba. – Biz, deputatlar, bir guruh tadbirkorlar bilan birga  O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi iqtisodiy hamda madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida keldik. Garchi Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida aniq loyihalarni rejalashtirgan bo‘lsak-da, Samarqandning bugungi salohiyati e’tiborimizni tortdi.

Guruhimiz a’zosi , Lyublin voyevodligi assambleyasining mintaqaviy rivojlanish va tashqi hamkorlik bo‘yicha qo‘mita raisi Ziignev Vysexovskiy bundan 11 yil avval bu yerga kelgani  va o‘tgan davrda katta o‘zgarishlar bo‘lganini aytgandan so‘ng Samarqand bilan hamkorlik o‘rnatishga ishtiyoqimiz yanada ortdi. Biz bu o‘lkaning tabiatiga, odamlarining mehmondo‘stligi va bag‘rikengligiga havas qildik. Chorvachilik va  dehqonchilik mahsulotlarini qayta ishlash, ko‘mir sanoati bo‘yicha hamkorlik qilishni rejalashtirdik.