Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Poshnali oyoq kiyimlar aslida erkaklar uchun chiqarilgan

“Ingichka poshnalarni kim ixtiro qilganini bilmayman. Lekin dunyodagi barcha ayollar undan qarzdordirlar”, degan edi Merilin Monro. Biz esa sizga oyoq kiyimlar haqida Merlin Monro bilmagan ushbu va boshqa bir qator foydali hamda qiziqarli ma’lumotlarni havola etmoqchimiz.

* Ingichka uzun poshnalar 1950 yilda dizayner Salvatore Ferragamo tomonidan ixtiro qilingan va birinchilardan bo‘lib uni Merilin Monro "Jazda faqat qizlar" kinokartinasida kiygan edi.

* Poshnali oyoq kiyimlar dastavval erkaklar uchun o‘ylab topilgan. Bu ularga otda yurganda oyoqning uzangida mustahkam turishiga yordam berar edi. Aynan shuning uchun poshna juda uzoq vaqt davomida erkaklar poyabzalining ajralmas qismi bo‘lib kelgan.

* 2 santimetrdan 4 santimetrgacha bo‘lgan keng tovonli poshna oyoqlar salomatligi uchun eng ma’qul oyoq kiyimlar hisoblanadi.

* Kuniga 5 soatdan ortiq poshnali poyabzalda yurish umurtqa pog‘onasi uchun xavfli bo‘lib, homiladorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

* Yangi poyabzalni kunning ikkinchi yarmida yoki uzoq yayov yurishdan keyin sotib olish tavsiya etiladi. Kunning bu qismida oyoq o‘lchami biroz kattalashishining hisobiga keyinchalik yangi oyoq kiyimni kiyishda ortiqcha qiyinchilikka uchramaysiz.

* O‘ng va chap oyoq uchun alohida poyabzal tayyorlashni birinchi bo‘lib yunonlar yo‘lga qo‘yishgan. Unga qadar esa butun dunyoda o‘ng va chap oyoq uchun bir xil oyoq kiyimi tayyorlanar edi. Zamonaviy oyoq kiyimlarda bu usul faqatgina 1812 yilga kelib italiyalik ishlab chiqaruvchilar tomonidan qo‘llana  boshlagan.

* Tagcharmi platformali poyabzallar Yunonistonda teatr aktyorlari tomonidan sahnada bo‘ylarini balandroq ko‘rsatish uchun o‘ylab topilgan.

* Statistikaga ko‘ra, poyabzallarning o‘ng oyog‘i chap juftiga qaraganda ancha tezroq eskiradi.

* Poyabzal dunyosining eng yosh dizayneri Jimmi Choo hisoblanadi. U birinchi mualliflik dizaynlarini 11 yoshida yarata boshlagan. Bugungi kunda uning poyabzallari sayyorada eng ommabop, bozorgir mahsulotlardan bo‘lib, zamonaviy qizlarning jovonlarida alohida o‘rin egallaydi.

* Amerika qo‘shma shtatlari aholisi farzandlarining birinchi oyoq kiyimlarini xotira sifatida saqlashadi. Ba’zi ota-onalar hatto ularni mashinaning orqa oynasiga osib qo‘yishadi.

* Norvegiyada esa ota-onalar bolaning birinchi poyabzaliga kumush eritmasi yugurtirib, oilaviy esdalik sifatida saqlaydi.

* Yaxshi oyoq kiyimning 5 belgisi - uning sifatli matodan tikilgani, poyabzal tagcharmining egiluvchanligi, tekis va pishiq choklar, oyoq kiyimda o‘tkir hidning yo‘qligi va albatta, juda qimmat bo‘lmagan narxida, deb hisoblashadi mutaxassislar.

Dilora Xoliqova tayyorladi.