Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Poyabzal ta’mirlovchining ustaxona ochishi uchun yer ajratiladigan bo‘ldi

Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasida viloyat hokimi E.Turdimov tadbirkorlarni qabul qildi.

Yil boshidan buyon o‘tkazilgan uchrashuvlarda 1499 nafar tadbirkor murojaat qildi. Murojaatlarning 1050 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 301 nafar tadbirkorga tushuntirish berilgan, 90 ta murojaat rad etilgan va 58 masala yuzasidan o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Bildirilgan murojaatlar tahlil qilinganda, ruxsatnoma va litsenziya olish uchun 158, bank-moliya, kredit, garov ta’minotida 332, bo‘sh turgan binoni “nol” qiymatda olish va auksion savdolarida qatnashish masalasida 74, bo‘sh turgan yer maydoni ajratish, auksion orqali olish bo‘yicha 321, kommunal tizimga ulanish, arxitektura va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda 101, qonunbuzarlik, noqonuniy aralashuv, mansab vazifasini suiiste’mol qilishda 53, boshqa masalalarda 460 ta murojaat kelib tushgan.

Bu galgi uchrashuvda qurilishga ruxsatnoma berish, milliy hunarmandchilik va to‘qimachilik markazini ochish, yer ajratish, faoliyatga to‘sqinlik, bino olish, kredit olish masalalarida yordam so‘rab murojaat qilindi.

Jumladan, Samarqand tumani Konigil mahallasida yashovchi Kubaro Raupova mahallasida turmush o‘rtog‘ining poyabzal ta’mirlash ustaxonasi uchun qonuniy tarzda yer ajratib berilishini so‘rab murojaat qildi.

- Turmush o‘rtog‘im ko‘p yillardan buyon mahallamizdagi ustaxonada poyabzal ta’mirlardi. U yerdagi binolar buzilishga tushgandan so‘ng boshqa joydan ustaxona qurdi. Ammo bu ustaxona ham buzilayotganini aytishdi, - deydi K.Raupova. – Oilamiz turmush o‘rtog‘imning poyabzal ta’mirlash orqali topadigan daromadi hisobiga yashaydi. Shuning uchun turmush o‘rtog‘imga mahallamizdagi bo‘sh maydondan qonuniy tarzda yer ajratib berishda yordam so‘rab kelgandim. Bugunning o‘zida mahallamiz idorasi yonidagi bo‘sh yerdan 50 kvadrat metr yer maydoni ajratiladigan bo‘ldi.

Viloyat hokimi har bir murojaatni eshitib, yechimi yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar berdi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.