Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prezident bilan muloqotdan so‘ng samarqandlik tadbirkorlarning qancha mablag‘i o‘zida qoladigan bo‘ldi?

Davlat rahbari tadbirkorlar bilan muloqoti davomida ishbilarmonlarga qulayliklar yaratish, qo‘shimcha yengilliklar joriy qilish haqida topshiriq bergandi.

Birinchi yo‘nalish - biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalarida samarqandik tadbirkorlar qanday manfaat topadi?

Joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida 4,6 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’yektlariga 2,7 trln. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Yil oxiriga qadar yana 2 trln. so‘m kredit mablag‘lari ajratilishi rejalashtirildi.

Kreditlarni amaldagi foiz stavkasidan 5 foizga past ajratilishi natijasida yiliga 235 mlrd. so‘m mablag‘ tadbirkorlar yonida qoladi.

Misol uchun, faoliyat turi qurilish, 103 nafar ishchisi mavjud “Ulug siymo qurilish” MChJ 16 mlrd. so‘m kredit mablag‘larini 22 foizdan olgan. Endilikda ushbu tadbirkorlik sub’yekti shuncha qiymatda kredit oladigan bo‘lsa, yiliga o‘rtacha 800 mln. so‘m mablag‘ yonida qoladi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi xisobidan 2021 yil 7 oyida viloyatidagi 593 ta tadbirkorlik sub’yektlarining 60,3 mlrd. so‘mlik kreditlarining foizlari bo‘yicha kompensatsiya qilingan, 174 ta tadbirkorlik sub’yektlariga 91,9 mlrd. so‘m kafillik berilgan. Jamg‘armaning ushbu moliyaviy ko‘magida amalga oshirilgan loyihalarda 4 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

Masalan, Nurobod tumanidagi «Maroqand sement invest» MChJga sement ishlab chiqarish uskunasi sotib olish uchun 10,5 mlrd. so‘mlik kreditga foiz kompensatsiyasi berilgan. Natijada ushbu tadbirkorning yiliga o‘rtacha 500,0 mln. so‘m mablag‘i yonida qoladi.

Yil yakuniga qadar jamg‘armadan 1,5 mingga yaqin tadbirkorlarga 300 mlrd. so‘mlik kredit uchun kompensatsiya va kafillik berilishi kutilmoqda. Ushbu ko‘mak natijasida tadbirkorlar tomonidan 7,5 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, bugungi kunda banklarimiz tomonidan ajratilayotgan kreditlar loyihaning o‘zini qoplash muddatidan kelib chiqib emas, balki jalb qilingan resurs mablag‘larining muddatidan kelib chiqqan holda ajratilmoqda. Bu o‘z navbatida faoliyatini yo‘lga qo‘yib endi rivojlanishni boshlagan korxonalar oylik imkoniyatidan ko‘p miqdorda to‘lov qilishiga majbur bo‘lib, moliyaviy jihatdan qiyin ahvolga tushishiga yoki loyihalar bir necha etapda amalga oshirilishiga sabab bo‘lmoqda.

Misol uchun, Past Darg‘om tumanida joylashgan “Plaster lime-stone" MChJga to‘quv dastgoxlari va uskunalar sotib olish loyihasi uchun

476 ming dollar kredit mablag‘i 2021 yil aprel oyida 3 yil muddatga ajratilgan. Vaholanki, uskunani keltirib o‘rnatishga o‘rta hisobda 6 oydan bir yilgacha muddat sarflanadi. Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, bozor topish va barqaror faoliyat yuritishni boshlagunga qadar kamida 1,5-2 yil vaqt sarflanadi. Ya’ni korxona 3 yildan so‘ng barqaror faoliyat ko‘rsatishni boshlashi mumkin. Ushbu korxonaga 3 yil muddatda kredit ajratilishi loyihani boshlanishidan moliyaviy qiyinchiliklarga keltirib chiqaradi.

Joriy yilda ajratilgan kreditlar tarkibida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, uni kengaytirish bilan bog‘liq loyihalarga ajratilgan kreditlar tanlov asosida tahlil qilinganda, 230 ta korxonaga 620 mlrd. so‘m kredit mablag‘lari loyihalarning to‘liq o‘zini qoplashi davriga nomutanosib muddatga ajratilgan.

Bunday holatlar iqtisodiyotimizni jadal suratlarda rivojlanishida o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Shu bois, tadbirkorlarga kreditlar loyiha o‘zini qoplash muddatidan kelib chiqqan holda ajratilishi qulay sharoitlarda biznes yuritishga zamin yaratadi.

Viloyatda 1 mln. dollargacha kredit olgan 1322 ta tadbirkorlarga 274,4 mln. dollar miqdorda kredit ajratilgan. Shundan 212 mln. dollar miqdordagi kredit ajratilgan 1145 ta tadbirkor valyuta tushumiga ega bo‘lmagan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yil boshidan bugungi kunga qadar AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi 148,08 so‘mga ko‘tarilishi tufayli ushbu tadbirkorlar 31,3 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘qotgan.

Misol uchun, "Spektr ingeneering plus" korxonasiga 2020 yilning dekabr oyida 870 ming dollar miqdorida kredit ajratilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida valyuta kursi farqi hisobiga korxona 128,8 mln. so‘m yo‘qotgan.

Endi joriy yil 1 oktyabrdan boshlab ilgari 1 million dollargacha xorijiy valyutada kredit olgan tadbirkorlarning kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari o‘rtasidagi kelishuvga asosan milliy valyutaga o‘tkazib berilishi hamda banklar chetdan resursni qanday valyutada jalb etishidan qat’i nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta – “so‘m”da berish tizimi joriy qilinadi.

Bugungi kunda viloyatda 3 ta (shundan, 1 ta mikrokredit tashkiloti va 2 ta lombard) mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi mikrokredit tashkilotlari faoliyat yuritib, ular tomonidan 4,7 mingdan ortiq fuqaroga 15 mlrd. so‘mlik mikroqarzlar ajratilgan. Ushbu nobank kredit tashkilotlarining kredit portfeli qoldig‘i 5,6 mlrd. so‘mni tashkil etib, bu viloyat bank tizimining jismoniy shaxslarga ajratgan chakana kredit va mikroqarzlari portfeliga nisbatan 0,25 foizni tashkil etadi.

Nobank kredit tashkilotlari o‘rtasida raqobatning yuqori emasligi ular tomonidan ko‘rsatilayotgan moliyaviy xizmatlarning o‘ta yuqoriligicha saqlanib qolayotganligiga sharoit yaratmoqda. Hozirda ushbu 3 ta nobank kredit tashkilotlari moliyaviy xizmatlari o‘rtacha narxi 85,4 foizni tashkil etmoqda.

Joriy yil 1 oktyabrdan mikromoliya tashkilotlarini litsenziyalash tartibi to‘liq bekor qilinadi. Shuningdek, ushbu tashkilotlar, xuddi banklar kabi to‘lovlarni qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi. Bu o‘z navbatida viloyatda mikromoliyaviy xizmatlarni keskin rivojlanishiga xizmat qiladi.

Xususan, viloyatda ko‘rsatiladigan mikromoliyaviy xizmatlar ko‘lami kengayadi va bank tizimiga munosib raqobatchi taklif tizimi paydo bo‘ladi. O‘zaro raqobat darajasining oshishi natijasida aholiga ko‘rsatiladigan mikromoliyaviy xizmatlar narxi pasayadi. Kredit bozorida aholi va tadbirkorlarimiz uchun yiliga qo‘shimcha 100-150 mlrd. so‘m resurs shakllanishiga zamin yaratadi.

Jamshid O‘ROQOV,

viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari.