Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prezident ilg‘or pedagoglarni tanlab olish va o‘qituvchilar malakasini oshirishda Samarqand tajribasini e’tirof etdi

Maktab o‘qituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash bo‘yicha umummilliy loyiha boshlanadi.

- Ushbu yangi tizim doirasida kelgusi 3-4 yilda maktablardagi barcha sinf o‘qituvchilari yangi metodika asosida o‘qitiladi, - deya ta’kidladi Prezident.
"Buning uchun:
- 1 iyunga qadar har bir hududdagi Malaka oshirish markazlari negizida Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy ta’lim markazlari tashkil etiladi;

- ushbu markazlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya, IT kabi aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha xorijdan eng malakali mutaxassislar jalb qilinadi;

- xorijiy mutaxassislar yordamida oliygoh, milliy ta’lim markazlari va mobil guruhlarning muallimlaridan iborat har bir viloyat kesimida “trenerlar guruhlari” shakllantiriladi;

- mazkur trenerlar esa joylarda maktab o‘qituvchilarining bevosita malakasini oshirib boradi. Ularning oylik ish haqiga 100 foizgacha ustamalar to‘lanadi.

Umuman, yuqoridagi yangi tizimlarni joriy qilish uchun 100 million dollar qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiriladi".

Prezident bu borada Qoraqalpog‘iston va Samarqand tajribasini ko‘rsatib o‘tdi.

Misol uchun, Samarqandda 420 nafar ilg‘or pedagog tanlab olinib, mobil guruhlar viloyatning 9 ming nafar o‘qituvchilar malakasini oshirishni boshlagan.