Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prezident maktabiga kirish imtihonlari: O‘quvchilar o‘z bilimini sinovdan o‘tkazmoqda

Samarqandda Prezident maktabiga talabgorlar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.

Bugun Samarqand shahridagi 2-son bolalar va o‘smirlar sport maktabi stadioni va “Lokomotiv” markaziy jismoniy tarbiya sport klubi Samarqand filiali futbol o‘yingohida test sinovlari o‘tkazildi.

Biz Samarqand shahridagi 2-son bolalar va o‘smirlar sport maktabining futbol o‘yingohidagi test jarayonini kuzatdik.

-  Test jarayonlari ikki navbatda, ya’ni 8:30 dan 9:30 gacha, 17:30 dan 18:30 gacha etib belgilangan, - deydi Kembridj assesmentning O‘zbekistondagi vakili Jahongirmirzo Turdialiyev. – Test savollari Britaniya tomonidan tayyorlangan. Birinchi bosqichda talabgorlar matematika fanidan mantiqiy fikrlash bo‘yicha 30 ta test savoliga javoblarni belgilaydi. Ikkinchi bosqich 25 avgustda o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib ingliz tilidan talabgorlar bilimi sinovdan o‘tkaziladi.

O‘tkazilgan test jarayonida ota-onalardan tushayotgan eng ko‘p savol javoblarning nega qalamda belgilanayotgani bo‘ldi. Albatta, bu Britaniya tomonining talabi. Test varag‘i har bir talabgorga bittadan beriladi, xolos. Hujjatlar onlayn qabul qilingan bo‘lib, tug‘ilganlik guvohnomasi bazaga kiritilgan. Faqatgina ism-familiyasi qayta yozilishi mumkin, agar javoblar belgilanib o‘chirilsa va qaytadan yozilsa, xato hisoblanib, talabgorning test varianti buzilgan, deb topiladi.

-  Testni o‘g‘lim topshirayotgan bo‘lsa-da men hayajondaman, - deydi qo‘shrabotlik Abduvohid Savronov. – Ota-onalar kutish joyida Wi-Fi orqali ularni internetda to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib turibmiz. Haqiqatda imtihon oshkora va adolatli tashkil etilgangina guvoh bo‘ldik.

-  Test jarayoni men uchun katta sinov bo‘ldi, - deydi oqdaryolik talabgor 42-maktab o‘quvchisi Nigina Salimova. – Savollari biroz murakkab bo‘lsa-da, o‘z bilimim va ustozim Sarvinoz Doliyevaning o‘rgatganlari asqotdi. Prezident maktabiga o‘qishga qabul qilinsam, bilimimni yanada oshirishga harakat qilaman.  

Ma’lumot o‘rnida: Samarqand shahridagi Prezident maktabiga 14 403 nafar o‘quvchidan ariza qabul qilingan bo‘lib, shundan 13 329 tasi tasdiqlangan. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 144 nafar talabgor maktabga qabul qilinadi.

Husan Eltoyev.