Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prezident: "Toshkent va Samarqand arxitektura va qurilish institutlari faoliyati transformatsiya qilinadi"

Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda qurilish sohasida sohada kadrlar tayyorlash tizimini o‘zgartirish vazifalari belgilandi.

Bunda Toshkent va Samarqand arxitektura va qurilish institutlari faoliyati transformatsiya qilinadi, ularga akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi. Endi:

- Samarqand arxitektura va qurilish instituti urbanizatsiya, arxitektura, dizayn, madaniy meros ob’yektini tiklash;

- Toshkentdagi institut muhandislik, arxitektura, qurilish va qurilish materiallari texnologiyalari, raqamli qurilish yo‘nalishlariga ixtisoslashadi.

Talabalar yetakchi loyiha-qidiruv institutlari va qurilish klasterlariga biriktiriladi.

Ushbu ikki oliygohda 1 sentyabrdan xalqaro ta’lim dasturlari asosida o‘qitishni yo‘lga qo‘yishga ko‘rsatma berildi.

Yig‘ilishda yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlarga qaramasdan, ipoteka krediti orqali aholini uy-joylar bilan ta’minlash ishlari talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Xususan, joriy yilda 43 mingta uy-joy uchun byudjetda banklarga 13 trillion so‘m resurs ko‘zda tutilgan bo‘lib, o‘tgan olti oyda 3,6 trillion so‘m (28 foiz) o‘zlashtirilgan.

Shuningdek, 29 ming nafar aholiga subsidiya uchun 1,2 trillion so‘m ajratilgan bo‘lsada, 8,5 ming nafariga 365 milliard so‘m (30 foiz) to‘lab berilgan.

Ajratilgan resurs va subsidiyani o‘zlashtirish darajasi Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida 25 foizdan past.

1 sentyabrga qadar tuman va shaharlarning qulay joylarida bank, moliya, quruvchi tashkilotlar, notarius, kadastr idoralari bir joyda o‘tirib, aholiga yangi uy-joylar loyihasi, narxi, kredit va subsidiya shartlari bo‘yicha batafsil xizmat ko‘rsatadigan Ipoteka markazlarini tashkil qilishga ko‘rsatma berildi.

Bir oy muddatda subsidiya ajratishdagi byurokratiyani kamaytirish, qurilish uchun yerlarni savdoga chiqarishni 2 baravarga ko‘paytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.