Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prezident tahririyatlarga imtiyoz berdi

Viloyat Matbuot uyida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, viloyat hokimligi hamda axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida viloyatdagi OAV vakillari ishtirokida Prezidentimizning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida seminar-trening tashkil etildi.

Tadbirda uyushmaning viloyat bo‘limi raisi F.Toshev mazkur qaror va uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha viloyat hokimining qarori mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi. 

- Mazkur qarorning imzolanishi biz, ijod ahlini yanada o‘z ustimizda ishlashga undaydi, - dedi F.Toshev. - Buning uchun berilgan imtiyozga javoban endilikda o‘z gazeta va saytimizda, televideniye va radioda tahliliy-tanqidiy, xalqqa manzur bo‘ladigan maqolalar sonini oshirishimiz zarur. OAV vakillari kelgusida dolzarb materiallar bilan grant loyihalarida qatnashish, turli tanlovlarda ishtirok etish imkoniyati yanada kengaygani ahamiyatli bo‘ldi.

Tadbirda mazkur qarordan kelib chiqib, uning ijrosini ta’minlash maqsadida har bir shahar va tuman hokimliklari alohida qaror qabul qilishi, unda gazetalar tahririyatining moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilishi, shuningdek, tahririyatlar ham ish rejasini ishlab chiqishi kerakligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, jurnalist kadrlarni xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha ham hamkorlikda ish olib borilishi, vaqtni hisobga olib, markazlashgan holda tuman va shahar tahririyatlari ijodiy xodimlarini onlayn o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilishi aytildi.

Viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i M.Ibodullayev qarorning muhim jihatlariga, ayniqsa, kelgusida tahririyatlar ishini yanada yaxshilash borasidagi yangiliklarga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlandiki, endilikda qaror bo‘yicha axborot-kutubxona markazlariga davriy va elektron nashrlar obunasi byudjet mablag‘idan qoplanishi ham tahririyatlarga yengillik bo‘ldi.

Seminarga taklif etilgan viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Orifjon Muhammadiyev OAV vakillarining huquqiy himoyasi borasida kelgusida jurnalistlar uyushmasiga ham bir qator huquqlar berilgani, viloyat davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bekzod Soliyev qarorda keltirilgan tahririyatlarning foyda solig‘i 50 foizgacha kamaytirilishi bo‘yicha ma’lumotlar berdi.

Husan Eltoyev.