Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prezident yoshlarga ishonch bildirdi 

Yildan-yilga O‘zbekiston yoshlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ko‘lami kengayib boryapti. Bunga kecha Toshkent shahridagi “Botanika bog‘i”da o‘tkazilgan yoshlar forumida ham amin bo‘ldik.

Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilishi an’anaga aylangan tadbirda Prezidentimiz ishtirok etdi. Biz, yoshlarni bayram bilan qutlab, bizga ko‘plab qulayliklar yaratilishini ta’kidladi.

Viloyatimizning chekka hududi – Qo‘shrabotda tug‘ilib, o‘sganman. Qishlog‘imizda bilimga chanqoq, o‘qishga intiluvchan yoshlar ko‘p. Ammo shu paytgacha ularning aksariyati oliy o‘quv yurtiga shartnoma asosida o‘qishga kirib, to‘lovini amalga oshirishga qiynalardi. Kontrakt-shartnoma pulini topolmagani uchun o‘qishni rad etgan qizlar ko‘p edi. Ochig‘i, ular bir urinishda grant asosida o‘qishga kirolmadimi, turmushga chiqishga majbur edi.

Kecha yoshlar forumida Prezidentimiz ana shunday yoshlar, ayniqsa,  qizlar uchun katta imkoniyatlar yaaritilishini ta’kidladi. Jumladan, erta turmushning oldini olish, har bir yosh qaysidir kasb-hunarga ega bo‘lishi uchun zarur choralar ko‘rilishi, imtiyozli shartlarda ajratiladigan ta’lim krediti, ahamiyatlisi, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlariga oliygohdagi o‘qishining birinchi yili uchun kontrakt pulini byudjetdan to‘lab berish tartibi joriy etilishini eshitib xursand bo‘ldik.

Davlatimiz rahbari tabrikda “Bilimli yoshlar – kelajak poydevori. Bugungi harakatlaringiz bilan o‘z kelajagingizga asos solyapsizlar. Men sizlar bilan g‘ururlanaman”, deya bizga yuksak ishonch bildirdilar. Bu ishonchga munosib bo‘lish uchun bor imkoniyatimiz, bilim va kuchimizni sarflaymiz.   

Sarvinoz Tursunova,

“Kelajak liderlari” klubi a’zosi.