Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prezidentning Samarqand viloyatiga tashrifi haqida: qilinayotgan ishlar masshtabi juda katta

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmatining navbatdagi brifingi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘tgan hafta davlatimiz rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan hamda joriy haftada kutilayotgan muhim tadbirlar haqida mahalliy va xorijiy jurnalistlarga qo‘shimcha ma’lumotlar berdi.

- Xususan, 15-16 aprel kunlari davlatimiz rahbari Samarqand viloyatida bo‘ldi, – deb qayd etildi brifingda. - Prezident tashrifi ommaviy axborotr vositalarida keng yoritildi. Ko‘rib guvohi bo‘ldikki, qilinayotgan ishlar masshtabi juda katta. Mamlakatimizda qanday katta qurilishlar bo‘layotgani, davlatimiz rahbarining ilmga, innovatsiyaga e’tibori qanday aniq natijalar berayotganini birgina Samarqand viloyati misolida ham ko‘rish mumkin.

Masalan, Samarqand tumanida tariximiz, madaniyatimiz va “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan unikal turizm markazi barpo etilmoqda. Unda xalqaro kongress xoll, “Abadiy shahar” karvonsaroy majmuasi, 8 ta 4 va 5 yulduzli mehmonxona, tematik xiyobonlar, dam olish va ko‘ngilochar ob’yektlar, hunarmandchilik markazi, sun’iy suv havzalari bo‘ladi.

Ramazon oyida Prezidentimiz tashabbusi bilan buyuk hadisshunos bobomiz Imom Buxoriy majmuasini yanada keng qilib qurish ishlari boshlangani tashrifning alohida voqeasi bo‘ldi. Bu yerda 10 ming o‘rinli masjid, 21 gektar maydonda ulug‘ ajdodlarimiz merosini aks ettiruvchi tematik xiyobon, 3 ta mehmonxona va 24 ta oilaviy mehmon uylaridan iborat ziyorat turizmi majmuasi barpo etiladi.

Samarqandda bu ishlarga hamohang yangi xalqaro aeroport barpo etilmoqda. Prezidentimiz ushbu aeroport qurilishi bilan ham tanishdi, parvozlar sonini oshirish, aeroportga yondosh hududda umumiy qiymati 40 million dollar bo‘lgan xalqaro kargo markazi tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. U orqali qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari kechayu kunduz, yil bo‘yi eksport qilinadi.

Brifingda davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga safari davomida tanishgan boshqa ob’yektlar – Qorasuv mavzesidagi ko‘p qavatli uylar, Samarqandni 1 million aholi yashaydigan yirik shaharga aylantirishda bunday bunyodkorlik ishlarining ahamiyati haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi yirik loyihalar mamlakatimizda sanoatni rivojlantirish, erkin va kichik sanoat zonalarini tashkil etish, ularda import o‘rnini bosuvchi, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni bor bo‘y-basti bilan ko‘rsatib bergani ta’kidlandi.

Mamlakatimizning chekka tumanida, tog‘lar yonida tashkil etilgan ushbu zamonaviy sanoat kompleksida 6 mingdan ziyod opa-singillarimiz, yoshlarimiz ishlayotgani bundan yaqqol dalolat.

Prezident ushbu sanoat zonasiga tashrifi chog‘ida uning yanada rivojlanishi uchun 750 million dollar jalb etishga ko‘rsatma berdi. Shu bilan cheklanib qolmasdan, Urgutni innovatsion va investitsion tumanga aylantirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarorini ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi. Bunda, viloyatning barcha hududlarida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining filiallarini tashkil etish, ushbu iqtisodiy zonaga berilgan imtiyozlarni barcha tuman va shaharlarga qo‘llash nazarda tutiladi.

Shuningdek, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi negizida xolding kompaniya tashkil etiladi va uning rahbari bir vaqtning o‘zida viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ladi.

Brifingda davlatimiz rahbarining Jomboy tumanidagi “In vitro” laboratoriyasi bilan tanishuvi, shuningdek, o‘tgan hafta imzolangan hujjatlar mazmuni haqida ham qisqacha axborot berildi.