Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prokuror ayol nega bu sohani tanladi?

Suhbatlashish uchun ilgari ko‘rmagan qahramonim yoniga borar ekanman, uning ko‘rinishini oz bo‘lsa-da, xayolda jonlantirib ko‘raman. Bu safar xayolimdagi ko‘rinish ancha aldadi. Tasavvur qilganimdan ko‘ra yosh, jussasi nozikkina tuman prokurori deb tanishtirilgan ayol bilan suhbatlashishga kirishar ekanman, tabiiyki, ilk savollarim uning bu sohaga kelishi sabablariga bog‘landi. Demak, suhbatdoshim – Nurobod tumani prokurori, adliya maslahatchisi  Norsuluv Soyipova.

- Ota-onam maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Biz, farzandlarning yaxshi ta’lim olishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratish bilan birga, qaysi sohani tanlash borasida ham to‘g‘ri maslahat berganlar, deb o‘ylayman, - deydi Norsuluv Soyipova. - Mening shu kasbni tanlashimda onamning o‘rni katta bo‘lgan. Otam ham, onam ham matematika fani o‘qituvchisi bo‘lsalar-da, bizning barcha fanlarni o‘zlashtirishimizni nazorat qilardilar. Gumanitar fanlarga qiziqishim ko‘proq edi, lekin matematikani ham yaxshi ko‘rardim. Bir kuni onam «Qizim, sening intilishing, qarashlaring boshqacha. Huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil olsang, bu sohada o‘z o‘rningni topsang kerak, deb o‘ylayman», dedilar. Onamning gaplaridan ruhlanib, Toshkent davlat yuridik institutiga o‘qishga kirish uchun tayyorlana boshladim. 

Buni qarangki, shu yil ushbu oliygoh talabasi bo‘ldim. Yaxshi bilasiz, yuridik institutiga tanlov doim juda qizg‘in bo‘lgan, shuning uchun bilimli talabalar ko‘p edi. Ulardan qolishmaslik, qolaversa, ota-onamning yuzini yorug‘ qilish uchun tinimsiz bilim olishga, yaxshi o‘qishga intildim.

- Endigina o‘qishni tugatgan, yoshgina qizni Samarqandda, prokuratura xodimlari qanday kutib olishdi?

- Yaxshi bir nasihat bilan kutib olishdi.

- Ya’ni...

- Bu tizimda ayollar ishlashi juda qiyin, yaxshilab o‘ylab ko‘rgin, deyishdi. To‘g‘ri, biliming yaxshi bo‘lishi, ishni eplab ketishing mumkin, lekin shaxsiy hayotni ham birday olib borish oson bo‘lmaydi. Hali yosh ekansan, hozirdan yaxshilab o‘ylab ko‘r, qizim, deyishdi. O‘sha paytlar hali turmushga chiqmagan, yosh, hayotning pastu balandini bilmaydigan, faqat o‘zim tanlagan sohada sidqidildan mehnat qilaman, degan ahdi bor qiz edim. Shuning uchun bu gaplarga unchalik parvo qilmadim. Shu sohada ishlayman, dedim.

- Va ilk ish faoliyatingizni Samarqand tumani prokuraturasida boshladingiz.

- Ha, bu maskanda menga ustozlik qilib, sohaning sir-asrorlarini o‘rgatgan insonlar ko‘p bo‘ldi. O‘qigan, o‘rganganlarimizni amaliyotga tatbiq etdik. Keyinchalik Samarqand shahar prokuraturasida ishladim. Shundan so‘ng viloyat prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyatimni davom ettirdim. Ustozlarim Galina Burxonova, Mohira Sultonova va boshqa ko‘plab hodimlar menga kasb sirlarini erinmay o‘rgatishdi, ulardan bir umr minnatdorman.

- Tizimda ayol xodimlar kam, degandingiz yuqorida.

- Ha, sohada ayollar sanoqli, sanoqli bo‘lsa-da, barchasi o‘z ishining mohir ustasi.

- Nurobodda tuman prokurori sifatida sizni qanday kutib olishdi?

- Juda yaxshi kutib olishdi. Yaxshi bilasiz, bugun har bir hududda bir nechta tizim rahbarlari boshchiligida sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Sektor rahbari sifatida tizimli ravishda joylarda uchrashuvlar, sayyor qabullar o‘tkazib boramiz. Ayniqsa, mana shu sayyor qabullarda murojaat qiluvchilar orasida ayollarning ko‘pligi bois ular hammadan ham ko‘proq xursand bo‘lishdi. Aksariyati «Yaxshiyam ayol rahbar bo‘libdi, fikrimizni bemalol tushuntira olamiz», deb bir necha bor ta’kidlashdi.

- Keling, shu o‘rinda tumanda, 2-sektor hududida amalga oshirilgani xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

- Ushbu hududda jami to‘qqizta mahalla, undagi 7695 ta xonadondagi 9509 ta oilada 41580 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, aholining turmush darajasini ko‘tarish masalasida qator ishlar olib borildi. Xususan, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini barpo etish uchun sektor hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan A-378 «Samarqand-Qashqadaryo» avtomobil yo‘lining 30-45 kilometr masofa oralig‘ida jami 5,6 gektardan iborat past rentabelli ekin yerlari toifasi o‘zgartirilib, turizm va yo‘l infratuzilma ob’yektlari qurilishi uchun ajratildi.

Hududni jadal rivojlantirishda investitsiyalarni jalb qilish va yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha umumiy qiymati 13 milliard 200 million so‘mlik 2 ta istiqbolli investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 27 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 78 ta tayanch ustun, 17 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, Oltinsoy, Omondara, Jom va Do‘stlik mahallalarida 7 ta yangi transformator o‘rnatildi, 23 ta transformator joriy ta’mirlandi.

Ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida Xalqobod, Do‘stlik, Tegirmonboshi mahallalarida suv inshooti qurilib, 5 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. 14,7 kilometr ichki yo‘llarda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, asfalt qilindi va 23 kilometr yo‘l shag‘allashtirildi.

 «Temir daftar»da ro‘yxatga olingan 105 ta ehtiyojmand oilaning ijtimoiy holatini yaxshilash maqsadida ishsiz oila a’zolari bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb qilish, subsidiyalar hisobiga issiqxonalar qurib berish, o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida 72 ta oila ro‘yxatdan chiqarildi.

Hozirda «Temir daftar»da ro‘yxatda qolgan 33 ta ehtiyojmand oila bilan ish olib borilmoqda.

Sektor hududidagi qishloqlarda yashovchi xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida Samarqand shahridagi «Zarafshon tekstil» va «Daka Teks» MChJlari vakillari taklif qilinib, 70 nafardan ziyod xotin-qiz doimiy ishga joylashtirildi. Bundan tashqari, kam ta’minlangan 28 nafar xotin-qizga subsidiya asosida tikuv mashinalari va boshqa asbob-uskunalar berildi. Tegirmonboshi mahallasida tikuv sexi tashkil qilinib, 70 nafar xotin-qiz uchun doimiy ish o‘rni yaratildi. Xalqobod va Do‘stlik mahallalarida 2 ta tikuvchilik kooperatsiyasi tashkil qilinib, 24 nafar xotin-qiz bandligi taminlangan. Bundan tashqari, to‘rtta ehtiyojmand oilaga uy qurib berildi va  11 oilaga uy qurilishi hamda ta’mirlash ishlariga amaliy yordam ko‘rsatildi.

- Bugun viloyat miqyosida jinoyatchilik soni ortgan, buning oldini olishda qanday ishlarni amalga oshiryapsizlar?

- To‘g‘ri, jinoyatlar soni, ayniqsa, firibgarlik, o‘g‘irlik jinoyatlari, yo‘l-transport hodisalari oshishi kuzatilmoqda.

Jinoyatning oldini olish uchun maktabgacha va maktab ta’limida tarbiya, odobnoma kabi fanlar juda yuqori saviyada o‘tilishi kerak, deb o‘ylayman. Oiladagi tarbiya bugun bolalarni moddiy ta’minlashdan ko‘ra muhimroq.

Biz ko‘pincha qizlarni turmushga tayyorlash, ularning kasb-hunarga o‘rganishi shart, deya fikr bildiryapmiz. Bu ham to‘g‘ri. Ammo oilada erkak kishining o‘rni yo‘qolmasligi kerak. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirish, jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash, «jinoyat o‘choqlari»ni bartaraf etish, mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda ijtimoiy profilaktika ishlarini «Obod va xavfsiz mahalla», «Xavfsiz shahar», «Xavfsiz xonadon» va «Xavfsiz hovli» tamoyillari asosida tashkillashtirish, jamoatchilik hamda mutasaddi davlat idoralari bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ammo asosiysi oiladagi tarbiya va maktabdagi ta’limdir.

- Yuqorida prokuratura tizimi rahbarlari aytgan ogohlantirish haqida keyinchalik o‘ylab ko‘rdingizmi? Bu tizimda ishlayotganingizdan afsuslandingizmi?

- Afsuslanmayman, aksincha, faxrlanaman, lekin ayol kishi uchun bu soha haddan ortiq og‘irlik qilishini boshimdan o‘tkazgan shaxs sifatida ayta olaman. Tasavvur qiling, xoh sahar, xoh yarim kechasi bo‘lsin, sizga yetib keladigan va sizni harakatga undaydigan xabarlar doim bir-biridan salbiy va og‘ir bo‘ladi. Kimdir kimnidir o‘ldirdi, zo‘rladi, o‘g‘irlik sodir bo‘ldi, o‘z joniga qasd qildi, jarohatladi. Bilasizmi, shuncha yil ishlagan bo‘lsam-da, haligacha bunday xabarlardan etim junjikadi. Insondan juda katta iroda, matonat, bilim va tafakkur talab etadi bu soha.

- Ishlaringizda omad yor bo‘lsin! Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.

***

Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.