Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qachongacha Afandining ishini qilamiz?

Afandi qattiq-qattiq gapirib o‘g‘lini koyib turgan ekan, qo‘shnisi buning boisini so‘rabdi.

- O‘g‘lim aytganimni bajaradi, - debdi Afandi.

- Yaxshi-ku, aytganingizni qilsa, yana nega urishyapsiz? - hayron bo‘libdi qo‘shni.

- Qachongacha aytganimni bajaradi-yu, aytmaganim qolib ketadi. Har bir ishni farosat bilan o‘zi bajarishi uchun koyiyapman, - degan ekan Afandi.

Kecha, 7 iyul kuni telegram kanalimizda "Samarqand shahrida ham davlat tilini joriy etish bo‘yicha komissiya bormikan-a?.." deb ikkita surat e’lon qilgan edik. Unda Samarqand shahridagi yangi ochilayotgan savdo markazi peshtoqi va eshigi oldida chet tilida yozilgan so‘zlarni ko‘rsatib, davlat tili haqidagi qonun talablari buzilayotganiga ishora qilgandik.

Kecha kunning ikkinchi yarmida tahririyatimizga mazkur bino eshigi tepasidagi yozuv (banner) olinayotgani aks etgan surat va videolavha yuborildi (hech bir izohsiz). Xursand bo‘ldik - demak, xatoni to‘g‘irlashibdi.

Afsus, erta quvongan ekanmiz. Eshik tepasidagi yozuvni olishibdi-yu, peshtoqdagi so‘zlar hamon o‘sha-o‘sha, o‘zga tilda qolibdi.

Yana hayron bo‘lganimiz - bino ro‘parasidagi elektr tayanch ustunda kosmetika vositalari reklamasi hamon kechagidek xorijiy tilda yozilganicha turibdi.

Mas’ullar chiqishimizga e’tibor qaratib, bitta lavhani olishibdi, ammo boshqalariga e’tibor ham qaratishmabdi-da?! Afandining kuyinganicha bor-a, to‘g‘rimi?

Biz albatta, hokimlik yoki kimgadir ta’na qilmoqchi emasmiz. Davlat tilining hurmat qilinishi, bunga barcha birdek rioya qilishiga erishishdan faqat biz emas, barcha birdek manfaatdor. Ayniqsa, davlat hokimiyati organlari. Bas, shunday ekan, kamchilik va muammolar ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida yoritilganidan keyin emas, avvalroq ularga yechim topaylik. Bir joydagi holat tanqid qilingach, barcha hududlardagi shu kabi muammolarga yechim topishga qachon odatlanamiz?

O‘ylamang, biz kimningdir, qaysidir tashkilotning, idoraning kamchiligini ko‘rsatishdan rohatlanmaymiz, faqatgina elning, odamlarning nazaridagi holatlarni sizga eslatib qo‘ymoqchimiz, xolos.