Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qachongacha o‘qituvchining obro‘sini to‘kamiz?

Tez-tez ijtimoiy tarmoqlarda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tasvirlangan lavhalar e’lon qilinmoqda. Kimdir o‘quvchini, kimdir o‘qituvchini qoralaydi.

Menimcha, bunday holat vujudga kelishida hammamiz, xususan, biz, jamoatchilik vakillari aybdormiz. Bugun farzandlarimiz kamoloti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotgan o‘qituvchining yonida turishimiz, ta’lim-tarbiya ishiga unga ko‘makchi bo‘lishimiz lozim.

Yashirib nima qilamiz, farzandlar ta’lim-tarbiyasi, uning o‘zini tutishi, muomalasi, kiyinishi, o‘qishi bilan ko‘pchilik ota-onalar deyarli qiziqmaydi. Bolada biror salbiy holat kuzatilsa, albatta aybdor o‘qituvchi bo‘ladi. Qolganlar esa oppoq.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi o‘quvchi va uning ustozi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz voqealarni kuzatar ekanman, biz, o‘rta va keksa avlod vakillari bu voqeadan hozirgi yoshlardek “zavqlanmaganligimiz” aniq! Negaki, o‘sha avlodlarning bir vakili sifatida men ham 45 yil oldin shu o‘smir kabi maktab bitiruvchisi edim. Tan olaman, o‘qituvchilarimdan dashnom ham eshitganman, shapaloq ham yeganman. Bunday “nasiba”dan bironta sinfdoshimning quruq qolganini eslay olmayman. O‘sha davrlarda va keyinchalik ham dars tayyorlamagan, nojo‘ya ta’sirga ega bo‘lgan o‘quvchilar hech qachon o‘qituvchilar tomonidan ko‘rib-ko‘rmaslikka, bilib-bilmaslikka olinmagan. Aksincha, ustozlarimiz dashnom bergan, bir-ikki ogohlantirgan. Yana takrorlasak shapaloq yeganmiz. Haq-nohaq shapaloq yesak ham uyga kelib, ota-onamizga aytmaganmiz. Agar ularga bu haqda shikoyat qilganimizda ular “ayb o‘zingda”, deb og‘zimizni yopib qo‘yishardi.

Ustozlarimizdan qanchalik “jabrlansak” ham ularning qattiqqo‘lligini, talabchanligini, bizga nisbatan mehru muhabbatini his qilib turganmiz va mana bugun o‘sha davrni yaxshi xotiralar bilan eslaymiz. Shu o‘rinda mashhur donishmand Hasan Basriyning: “Ustozning zulmi ota mehridan afzal”, degan purma’no gaplari yodga tushadi. Demak, ustoz hech qachon shogirdiga yomon bo‘l, yomon yo‘ldan yur, yomon ishni qil, degan maqsadda qo‘l ko‘tarmaydi, koyimaydi. Shunday ekan bugungi kunda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi oddiy hayotiy ziddiyatlarni chuqurlashtirib, ustozlarni obro‘sizlantirmaylik!

Nazarimda, bugungi jamiyatimizda eng e’zozga, hurmat va e’tiborga loyiq insonlar o‘qituvchilardir. Ular haqida bo‘lar-bo‘lmas gaplarni gapirish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali olamga yoyib, shov-shuv ko‘tarish yaxshi emas. Chunki, o‘qituvchining qo‘lida bizning kelajagimiz, xalqimiz, mamlakatimiz, davlatimiz kelajagi kamolga yetmoqda. Har doim, har joyda biz o‘qituvchining yonida bo‘lishimiz, uning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilishimiz, ularga qalbimizdan, davramizning to‘ridan joy berishimiz kerak.

Quvondiq Xalilov,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.