Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qadimgi Misr malikasi Nefertiti dafnasi hozirgacha topilmagan

Nefertiti bizning eramizgacha 1353-1336 yillarda hukmronlik qilgan Exnatonning rafiqasi bo‘lgan. Uning tarjimai holi turgan-bitgani sir. Bir tarixchilar sohibjamol malika misrlik bo‘lgan desa, boshqasi uning kelib chiqishi chet ellik – ajnabiy deb ko‘rsatishadi. O‘z davrining eng nufuzli ayoli o‘limi va dafn qilingan joyi undan-da jumboq.

Ehtimol, u Tutanxamon maqbarasida joylashgandir. Firavnning maqbarasini va uning ilgari noma’lum bo‘lgan dahlizini georadar yordamida aniqlagan olimlar devor ortida nimadir bor degan xulosaga keldilar. Agar ushbu kashfiyot misrshunoslarning haqligini tasdiqlasa, bu zamonamizning eng shov-shuvli voqeasi bo‘ladi. Bu haqda “Nature” jurnali xabar beradi.

- Olingan ma’lumot «favqulodda hayajonli», - deydi misrshunos Rey Jonson. – Shimol tomondagi devor ortida nimadir borligi aniq.

Britaniyalik misrshunos Nikolas Rivz ko‘p yillar Misrning Hukmdorlar Vodiysida arxeologik qazishmalar olib borgan. «Agar Nefertiti firavn sifatida dafn qilingan bo‘lsa, bu barcha zamonlarning buyuk arxeologik topilmasi bo‘lardi», deydi u.

Ilgari Rivz malika Nefertiti firavn Sinexkara nomi ostida yashiringan degan taxminni olg‘a surgandi. Tutanxamon dafnasi avvaliga aynan Nefertiti uchun tayyorlangan, deb fikr bildiradi misrshunos. Ammo Exnatonning o‘g‘li, yosh firavn 19 yoshida to‘satdan vafot etadi. Uni «begona» dafnaga dafn etishga to‘g‘ri keladi. Ayrim misrshunoslar hali eramizgacha XIV asrda Tutanxamon hukmronligigacha Nefertitining qizi Anxesenpaaton Tutanxamonga turmushga chiqqan, o‘zi biroz muddat Misr davlatini boshqargan, degan fikrni bildirishadi.

Nefertiti tarix va jumboq ishqibozlarida 1912 yilda uning byusti aniqlangandan keyin katta qiziqish uyg‘otgandi. Byust bilan birga qadim misr haykaltaroshi Tutamos ustaxonasida yana Firavn Ehnaton tasvirlangan ellikdan ziyod haykallar aniqlangandi. Keyinchalik ular asosida ganch-gips modeliga ko‘ra tosh haykallar yaratilgan.

1913 yilda Nefertiti byusti ganch-gipsdan tiklanishga urinish paytida jiddiy shikastlangan. Misr hukumati uning endi qadr-qimmati qolmadi deb e’tiborsiz qoldirgan va u Germaniyaga olib ketilgan. 2010 yilda kompyuter tomografiyasi sharofati bilan mutaxassislar sohibjamol malikaning suvoq ostida yashiringan haqiqiy qiyofasini ko‘rishga muyassar bo‘ldilar. Nefertiti byusti qadim Misr san’ati va amarn usulidagi noyob asarlardan biri hisoblanadi.

«Mir novostey» (2020 y 8-son)dan T.ShOMURODOV tayyorladi.