Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qadimiy shaharchada olti asrlik tarix bor

Samarqand turizm markazi tarkibida qad rostlayotgan “Abadiy shahar” karvonsaroyi qadim Samarqandning timsoli, Amir Temur davrini o‘zida mujassam etadigan nodir shaharchaga aylanyapti.

Bu yerdagi 60 ta xonada kulol, yog‘och o‘ymakor, marmar o‘ymakor, koshinkor, boshqa qadim hunar egalari joylashadi. Har biri o‘ziga xos - Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Toshkent hunarmandchilik san’atini namoyon qiladi.

Buyuk Ipak yo‘li karvonlari – zardo‘zlik buyumlarini samarqand­lik mashhur zardo‘z Hamidaxon Inoyatova shogirdlari bilan tikmoqda.

Samarqandda azaldan naqqosh­lik san’atining o‘ziga xos uslubi, maktabi yaratilgan. Mirzo Ulug‘bek, Sherdor madrasalari, Amir Temur maqbarasi koshinlaridan andaza olinib, Samarqand koshinkorlik maktabining yangicha usuli yaratildi. Bu maktab namoyandalaridan Abduvali Nabiyev va shogirdlarining koshinkorlik materiallari “Abadiy shahar” karvonsaroyida barpo etilayotgan binolarda, Samarqand turizm markazi bino va inshootlarida ishlatilyapti.  

Hojiqurbon Jalolov Mirzo Ulug‘bek madrasasi hujralaridagi muqarnas san’atini asl holida tiklagan. Usta shogirdlari bilan shaharchadagi milliy uslubdagi oshxona peshtoqiga qadim muqarnas san’ati bilan geometrik shakllarda bezak beryapti. Ganchkor usta Amriddin Najmiddinov va o‘g‘li Ahmadjon rahbarligida 100 nafarga yaqin usta ganchkorlik ishlarini, Nasrullo Sohibnazarov hamda Mirjamol Asadovlar shogirdlari bilan darvoza, eshik, ustun va boshqa yog‘och o‘ymakorlik ishlarini amalga oshirmoqda.  

Qadimiy shaharcha pishiq g‘ishtdan bino qilinyapti. Minora balandligi 27 metr. Uni Rahmon Tohirov shogirdlari yordamida tikladi. Hozirda qurib bitkazilgan minora va gumbazga naqshli koshinlar yopishtirilmoqda. Usta Shokir Mo‘minov ham shu yerda o‘zining naqqoshlik san’atini namoyon etmoqda.

Samarqand turizm markazi bino-inshootlarida, qadimiy shahar binolarida alohida ko‘zga tashlanadigan noyob san’at – marmar o‘ymakorligining yangi sharqona namunasi yaratilmoqda. Binolar ichkarisi yoki sirtiga sokol – pastki qismidan 80 santimetr joyida chiroyli ko‘rkam marmar, uning o‘rtasida naqshli koshin o‘rnatilyapti. Bundan yaxlit san’at asari, gulparchin, turfa rangdagi marmar gulli koshinlar paydo bo‘ladi. Bu nodir san’atni mohir  marmar o‘ymakor usta Toyir Bagirov shogirdi Zoyir Do‘stov va yosh ustalar bilan bajaryapti.

Bir so‘z bilan aytganda, “Abadiy shahar” karvonsaroyi qadimiy hunarmandlik bilan uyg‘un holda bugungi kunning eng mohir ustalari tomonidan yaratilyapti, jilo top­yapti.

Jo‘raxon Inoyatov, viloyat “Usta” birlashmasi direktori, Ubay Qodirxon, jurnalist.