Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Qahrli jangchi” yoxud “Ustoz”: IShIDning yangi yetakchisi qay darajada xavfli

“Islom davlati” terrorchilik tashkiloti (O‘zbekistonda taqiqlangan) yetakchisi Abu Bakr al-Bog‘dodiy o‘limidan so‘ng AQSh hukumati tashkilotning yangi yetakchisi Abdul Rahmon al-Mavli al-Salbini xalqaro terrorchi, deb e’lon qildi va uning boshi uchun besh million AQSh dollari pul mukofoti tayinladi.

Koronavirus pandemiyasi AQSh jamoatchiligini shu qadar xavotirga solib qo‘ydiki, bir qarashda mamlakat siyosatchilarining koronavirusdan boshqa ishlari yo‘qdek taassurot uyg‘ota boshladi. Biroq Yaqin Sharqdagi vaziyat va “Islom Davlati” tashkiloti xavfi ilgarigidek, Vashingtonning diqqat-e’tiborida qolmoqda.

“IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bog‘dodiyning o‘limidan so‘ng uning o‘rnini Abdul Rahmon al-Mavli al-Salbi egalladi. Yangi yetakchi tashkilotning vujudga kelishida ko‘p tashabbus ko‘rsatgan: odam o‘g‘irlash, Iroqning shimoliy-g‘arbidagi jangovar harakatlaridagi ishtiroki va yirik terroristik tadbirlarni boshqargan”, deya ta’kidladi AQSh Davlat departamenti.

Abdul Rahmon al-Mavli al-Salbi xalqaro terrorchi deb e’lon qilindi. Bu AQSh fuqarolariga u bilan har qanday aloqalar o‘rnatilishi ta’qiqlanishini va uning Amerika hududida joylashgan har qanday shaxsiy mulkiga hibs joriy etilishini anglatadi. “AQSh Suriya va Iroqda tashkil etilgan xalifalikni deyarli yo‘q qildi. Biroq biz uning dunyo bo‘ylab tarqab ketgan bo‘linmalari bilan kurashni davom ettirmoqdamiz - IShID yetakchilari asosiy vazifamiz”, deya alohida ta’kidlandi Davlat departamentida.

2019 yilda amerikaliklar tomonidan al-Bog‘dodiy yo‘q qilinganidan so‘ng maxsus xizmatchilar tomonidan IShIDga Abu Ibrohim al-Xashemi al-Kurashi yangi yetakchi yetib tayinlangani aniqlandi. Biroq u haqidagi ma’lumotlar bir-biriga o‘ta zid edi. Shu bilan birga, al-Bog‘dodiyning yana bir o‘rinbosari Abdulla Kardash haqida ma’lumotlar mavjud edi. Nomlari tilga olinayotgan ikkala terrorchi ham Iroqning kam sonli turkmanlaridan edilar. Ikkalasi ham Saddam Husayn armiyasida xizmat qilgan va amerikaliklarga qarshi janglarda ishtirok etgan. Ammo ko‘p o‘tmay Kardashning o‘limi to‘g‘risida ma’lumot olindi. Uning qizi ushbu ma’lumotni tasdiqladi.

AQSh maxsus xizmati tomonidan yetakchilikka uchinchi nomzod etib, Abdul Rahmon al-Mavli al-Salbi e’tirof etilardi. Uning nomi terrorchilarning o‘zaro so‘zlashuvlarida ko‘p marotaba tilga olingan. Vaziyatni keskinligi shunda ediki, maxsus xizmatlar uchala nomzodning ham yuz tuzilishini bilmasdi.

Ko‘plab izlanish va o‘rganishlar uchala nomzod ham aslida bir odam ekanligi, turli ismlar chalg‘itish uchun o‘ylab topilgan, degan taxminlarni yuzaga keltirdi. Ayni vaqtda G‘arb maxsus xizmatchilari al-Salbi va al-Kurashi bir shaxs ekanliklariga deyarli ishonchlari komil.

Al-Bog‘dodiyning vorisi al-Salbi Mosul shahridagi islom universtitetini tugatib, shariat olimi darajasini oldi. IShID asoschisi bilan u Amerikaning Iroqqa yurishidan so‘ng, 2004 yilda qamoqda tanishdi. Ular “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti (O‘zbekistonda taqiqlangan) tarafdorlari bo‘lganliklari uchun tez til topishdi. Al-Salbining yuqori darajadagi da’vat qilish xususiyati unga tezda ko‘tarilishga imkon berdi. Al-Bog‘dodiy uni IShID mafkurasini shakllantirishga rahbar etib tayinladi. Al-Salbi shu qadar kuchli va hissiyotli da’vat etardiki, natijada IShIDchilar uni “Qahrli jangchi” va “Ustoz” nomlari bilan atay boshladilar.

Arabshunos olim, Sivilizatsiyalar dialogi (suhbati) ilmiy tadqiqotlar instituti rahbari Aleksey Malashenkoning fikriga ko‘ra, AQSh Davlat departamentining yangi yetakchi to‘g‘risida bergan ma’lumotlari – bu IShID bilan jang davom etayotganini ko‘rsatish va hisobot berishga urinishdir.

“Dastlab Usama Ben Loden yo‘q qilindi. O‘ziga xos, xavfli va ahamiyatli shaxs. Uning o‘rniga al-Bog‘dodiy keldi. U ham kuchli terrorchi. Ammo birinchisi bilan (Ben Loden) solishtirish darajasida emas. Al-Salbi amerikaliklar uchun kichkina baliq. Ammo IShIDning yo‘q bo‘lmaganligini taqdim etish muhim”, deya ta’kidladi mutaxassis.  

Terrorchilar hozir ham jiddiy xavf tug‘dirishlari mumkin. “IShID yo‘q qilingan bo‘lsa-da, xalifalik tashkil etish g‘oyasi hali ham tirik. Tashkilot Liviyaning janubida, Somalida yoki Nigeriyada qayta vujudga kelishi mumkin. Bunga qarshi choralar ko‘rilishi zarur”, deb qo‘shimcha qildi Malashenko.

Bekzod MUSURMONOV tarjimasi.