Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qamoqda saqlash joylarida ham saylov uchastkalari tuziladi

Saylovlar fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokining muhim shakli, siyosiy huquqlarini ro‘yobga chiqarishi, xohish-irodasini erkin ifodalashini ta’minlashga xizmat qiladigan siyosiy tadbirdir. Ushbu tadbirning qanday o‘tishi esa tabiiyki, ko‘p jihatdan fuqarolarning siyosiy madaniyati va faolligi, fuqarolik burchini chuqur anglashiga bog‘liq. Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi 2019 yilning 20 oktyabridan 20 noyabrigacha mamlakatimizda “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi”ni o‘tkazishga qaror qildi.

Qaror talablaridan kelib chiqib, viloyatimizda ham xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan fuqarolar, nuroniylar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, harbiy xizmatchilar, mehnat jamoalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, umuman, aholining barcha qatlamlari o‘rtasida, ularning saylov jarayonida faolligini oshirish, siyosiy bilim darajasini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda

Samarqand shahrida joylashgan manzil koloniyada o‘tkazilgan tadbirda Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari va saylov jarayonida qonuniylikni ta’minlash masalalari, shuningdek, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishda saylov komissiyalarining tutgan o‘rni to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilgi saylovlar yangi qabul qilingan Saylov kodeksi asosida tashkil qilinadi. Ushbu hujjatga ko‘ra, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga saylovda ishtirok etish huquqi berildi. Saylovchilar ro‘yxatiga o‘zgartishlar kiritish saylovga uch kun qolganida to‘xtatiladigan bo‘ldi.

Ushbu o‘zgarishlarning o‘zi muassasadagi mahkumlarning muhim siyosiy tadbirda o‘zlarining huquqlaridan foydalanish imkonini beradi. Amaldagi tartibga asosan, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari saylov uchastkalari okrug saylov komissiyasi qarori bilan tuziladi. Bu saylov uchastkalari ular joylashgan hududdagi saylov okruglariga kiradi.

Orif MUHAMMADIYeV,

viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi.