Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qaror bilan kodeks, Nizom va Yo‘l xarita tasdiqlandi, o‘zgarishlar nimalardan iborat?

Yaqinda Prezidentimizning «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinganidan ko‘pchilik xabardor. Biroq hamma ham undagi ulkan o‘zgarishlar haqida tushunchaga ega emas.

Aslida davlat rahbari imzolagan hujjat bilan ichki ishlar idoralari faoliyatiga oida juda katta islohotlarning huquqiy asosi yaratildi.

Xususan, ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tasdiqlandi. Ichki ishlar organlariga xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlar dastlabki sinov muddati davrida Kodeks qoida va talablarini buzgan holatlarda ularga biriktirilgan murabbiylar, aybdorlik darajasidan kelib chiqib, egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy jazoga tortiladi.

Intizomiy jazo tariqasida lavozimidan ozod etilayotgan xodimlarni boshqa sohaviy tuzilmalarga o‘tkazish amaliyotiga chek qo‘yiladi. Bunday hollarda endi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha quyi bo‘linmalarga yo‘naltirish yoki malakasiga baho bergan holda xizmatga loyiqligini aniqlash maqsadida attestatsiyadan o‘tkazish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi joriy qilinayotgan shu tartibning o‘ziyoq hujjatning mohiyatini, sohada faoliyatni yangicha ko‘rinishga keltirishdagi ahamiyatini ko‘rsatib turibdi. Bundan tashqari, Prezident qarori bilan  Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti to‘g‘risida Nizom tasdiqlandi.

Ko‘rinib turganidek, tizimda ma’naviy-ma’rifiy ishlar kadrlar bilan ta’minlashdan ko‘ra, ahamiyatliroq, yuqoriroq darajada bo‘lishi kerak. Shunga ko‘ra, ikki oy muddatda xizmatning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, ichki ishlar organlari xodimlarida muloqot psixologiyasi va muomala madaniyati hamda nostandart vaziyatlarda ruhiy barqarorlikni saqlash bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni shakllantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni belgilanishi qayd etildi.

Qaror bilan shuningdek, Ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyati darajasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning "Yo‘l xaritasi" ham tasdiqlandi. Bu borada amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar avvalo tizimga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, bu orqali, xalqni soha xodimlariga bo‘lgan ishonchini yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz. Negaki, yangi tartibga ko‘ra, tanlovlar ikki bosqichga, ya’ni saralash va o‘rganish bosqichiga ajratildi. Endi «Ye-nomzod” yopiq axborot tizimini yaratish orqali xizmatga qabul qilish jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi.

Darvoqe, joriy yil 1 sentyabrdan boshlab huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati bo‘linmalari xodimlarini “Fuqarolar bilan ishlash moduli” bo‘yicha uzluksiz o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Xodimlarning samarali xizmat olib borishdagi shaxsiy mas’uliyatini oshirishga qaratilgan bu amaliyot ichki ishlar organlariga xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlar uch oylik boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kurslaridan tubdan farq qiladi.

Chunki bunda xodimlar Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida davomiyligi 144 soatdan kam bo‘lmagan dastur asosida o‘qitiladi. Har uch yilda bir marta bo‘ladigan o‘qish yakunida maxsus sinovdan o‘tkazilib, sinovlarni muvaffaqiyatli topshirganlarga kelgusida ushbu sohada xizmat qilish huquqini ta’minlaydigan sertifikat beriladi.

Shodiyor Jumanov,

viloyat IIB JXX PPX bataloni komandiri o‘rinbosari.